Samarqandda ham o‘qituvchilar majburiy tarzda maktab remontiga jalb qilingani aytilmoqda

Samarqandda ham o‘qituvchilar majburiy tarzda maktab remontiga jalb qilingani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 32-maktab o‘qituvchilari hayot uchun xavfli tepaliklarda ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, rasmlardagi holat Samarqand shahridagi 32-umumta’lim maktabi emas, shahardagi 24-umumta’lim maktabiga tegishli. Majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq har qanday holatlarni qoralashini ta’kidlagan boshqarma vaziyat to‘liq nazoratga olingani va o‘rganish ishlaridan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan.

 

Tarmoqlarda sizdirilgan xabarlarda esa maktab direktori va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, ilmiy bo‘lim mudiri o‘qituvchilarni tashqi ishlarga majburlayotgani aytilgan. Shu bilan birga, maktabga agar tekshirish kelsa, «o‘z hohishimiz bilan bu ishni bajardik» deyishga o‘qituvchilar majburlangani aytilmoqda.

 

Xabarlarga ko’ra, direktor va o‘rinbosarlar pedagoglardan birining dars soatini uning yozma roziligisiz 30 soatdan 23 soatga tushirgan, ustama foizlarni ham kamaytirib yuborgan.

 

Barcha holatlardan xabardorligi aytilgan Samarqand shahar va viloyat MMTB boshliqlari bularning barchasiga ko‘z yumib kelayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, xabarlarda maktab rahbariyati o‘qituvchilardan biriga biriktirilgan sinfxonani uning o‘ziga zamonaviy jihozlar bilan jihozlashga majbur qilishgani ham aytilgan.