U tayyorlov guruhidagi bolani sheʼr yodlab kelmagani uchun yelkasidan qattiq siqib, tan jarohati yetkazgan. Holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Xiva tumanida xususiy bogʻcha rahbari bolaga zoʻravonlik qildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarni Xorazm viloyati MMTB tasdiqlagan.
Qayd etilishicha, voqea 29-iyul kuni roʻy bergan. Bogʻcha rahbari J.M. tayyorlov guruhiga rus tili fanidan qatnashib yurgan U.Sh.ni sheʼrni yodlab kelmagani uchun uning chap yelka sohasini qoʻli bilan qattiq siqib, tan jarohati yetkazgan.
Bolaning yaqinlari tuman IIBga murojaat qilgan va holat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari ishtirokida muhokama qilingan. Ayni paytda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Mazkur voqea boʻyicha tegishli huquqiy baho berish, bola huquqlari va xavfsizligini taʼminlash yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilayotganini maʼlum qilamiz. Maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan har qanday zoʻravonlik holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy nazoratga olingan”, – deyiladi MMTB axborotida.
