Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori (14.08.2023-y.) bilan tasdiqlangan reglamentga asosan 1-avgustdan talabalar turar-joyiga joylashish uchun arizalar my.gov.uz portali orqali qabul qilish boshlandi. Bunda 2-3 va 4-bosqich talabalari arizalarni kiritishlari mumkin bo’ladi.
Yangi o’quv yili uchun o’qishga topshirgan abituriyentlar hozircha ariza topshira olmaydi. Chunki, hali mandat chiqmadi va kim qaysi oliygoh talabasi bo’lgani hozircha noma’lum. Shu sababdan talabalar turar-joyiga ariza bergan abituriyentlarga «Sizning ma’lumotingiz DTM bazasidan topilmadi» degan ma’lumot chiqmoda.
Xo’sh, mandat chiqquncha joylar to’lib qolmaydimi? Arizalar qabuli qachongacha davom etadi?
Reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foiz;
2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foiz;
3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.
Ya’ni, kvotadan kelib chiqib, birinchi kurs talabalari uchun belgilangan o’rinlar saqlab turiladi va qabul yakunlanib, mandat chiqqandan so’ng birinchi kurs talabalari ariza berishlari mumkin bo’ladi.
