«Xususiy OTMlar atrofidagi shovqin: savollar va mulohazalar»

«Xususiy OTMlar atrofidagi shovqin: savollar va mulohazalar»

Nodavlat oliy ta’lim muassasalari telegram kanalida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning xususiy oliy ta’lim muassasalari haqidagi posti (va unga tayanib yozilgan Kun.uz maqolasini) dan keyin quyidagi fikrlar bildirildi:

 

Postda 41 ming talaba haqida so‘z boradi. Ammo ular orasida nechta davlat, nechta xususiy OTM talabalari borligi aniq emas. Statistika shaffof bo‘lmasa, noto‘g‘ri xulosa chiqarilishi mumkin.

 

Talabaning HEMISga kiritilishi o‘z-o‘zidan bo‘ladigan jarayon emas. Kontrakt to‘langan bo‘lishi, hujjatlar arxiv bo‘limiga to‘liq topshirilgan bo‘lishi lozim. Ba’zida bu jarayonlar yanvargacha cho‘zilishi ham mumkin.

 

Asosiy savol: maqolaning maqsadi nima edi? Firibgarlikka qarshi ogohlantirishmi yoki..? Agar gap konsulting firmalarining noqonuniy ishlari haqida bo‘lsa, ularning nomi ochiq aytilishi kerak.

 

Nega bir-ikki xususiy OTMning xatosi tufayli butun tizimga shubha bilan qaralishi kerak? Aynan hozirgi – qabul jarayoni ketayotgan pallada bu kabi umumlashtirilgan ayblovlar ko‘plab muassasalarga zarar yetkazadi.

 

Yana bir e’tiborli jihat: hozirda ba’zi davlat OTMlarida ham HEMIS tizimi to‘liq ishlamayapti. Nega bu holat muhokamaga olinmayapti?

 

Qonun buzayotgan muassasalar bo‘lsa, ular bilan qonun doirasida shug‘ullanish kerak. Lekin halol ishlayotgan xususiy OTMlarga o‘gay munosabat bo’lish adolatdan emas?

 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bunday mavzularni yoritishda umumlashtirish emas, farqlash muhim. Tizimdagi muammolarni tan olish kerak, lekin ularni hal qilishda adolatli yondashuv birinchi o‘rinda turishi lozim.