Bojxona organlari xodimlarning farzandlari uchun qo‘shimcha kvotalar tasdiqlandi

Bojxona organlari xodimlarning farzandlari uchun qo‘shimcha kvotalar tasdiqlandi

2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida bojxona organlari xodimlari farzandlari uchun qo‘shimcha 2 foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining oliy ta’lim muassasalari kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.  Qo‘shimcha kvotalar soni jami 710 tani tashkil etadi.

 

 

Mazkur kvotalar ta’lim yo‘nalishlari emas, balki oliy ta’lim muassasalari (OTMlar) kesimida taqsimlanadi. Abituriyentlar turli yo‘nalishlarni tanlagan bo‘lsalar ham, ular tanlagan OTMga ajratilgan umumiy imtiyozli kvota doirasida bellashadilar.

 

 

Qo‘shimcha grant faqat birinchi tanlangan ta’lim yo‘nalishi uchun amal qiladi. Ikkinchi va undan keyingi yo‘nalishlarda bu imtiyoz qo‘llanilmaydi. Shu bilan birga, abituriyentlar odatdagidek beshta yo‘nalishni tanlash huquqiga ega bo‘lib, imtiyozli kvotaga kira olmagan taqdirda o‘z to‘plagan ballari asosida umumiy kvotada ishtirok etishlari mumkin.

 

 

Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent kamida 68 ball to‘plagan bo‘lishi lozim. 68 balldan past ball to‘plagan tavsiyanomali abituriyentlar ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.

 

 

Shuni ta’kidlash lozimki, bojxona organlari xodimlari farzandlariga qo‘shimcha ball qo‘shib berilmaydi. Ular ham barcha abituriyentlar singari o‘z ballari asosida saralanadilar.

 

 

Bojxona organlari xodimlarning farzandlari uchun qo‘shimcha kvotalar taqsimoti ro‘yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.