Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xorijiy tillar o‘qituvchilariga nisbatan bu safar masalaga yanada qat’iy yondashmoqda. Barcha hududiy bo‘limlar maktab direktorlariga rasmiy ko‘rsatma yuborib, chet tili o‘qituvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topshirishni va ularga sertifikat talabi bo‘yicha ogohlantirish berishni so‘ramoqda.
Gap aynan kimlar haqida ketmoqda?
Ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu va hind tillari bo‘yicha dars berayotgan pedagoglar xorijiy til o‘qituvchilari hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-sonli qaroriga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lishi majburiy.
Aslida bu talab ilgari ham joriy etilgan edi, ammo avvalgi yillarda sertifikat olish muddati vazirlik tomonidan uzaytirib berilgandi. Endi esa vazirlik ogohlantirishlar bilan jarayonni nazoratga olgan.
Nega B2 talab qilinmoqda?
B2 darajasi – bu bakalavr diplomiga teng til bilim darajasi. Ya’ni, o‘qituvchi chet tilida erkin fikrlash va dars o‘tish malakasiga ega bo‘lishi kerak. Bu esa o‘quvchilarga sifatli ta’lim berilishining eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Muhim:
Vazirlikning Daryo.uz nashriga ma’lum qilishicha, iyul–avgust oylarida minglab o‘qituvchilar sertifikat olish uchun ariza topshirgan. Javoblar sentyabr oyiga yaqin e’lon qilinadi.
Yangi o‘quv yili uchun o‘zgarish:
Agar 2025/2026 o‘quv yili boshlanishiga qadar xorijiy til o‘qituvchisi talab qilingan B2 sertifikatiga ega bo‘lmasa, uning mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Xalqtaliminfo.uz xabariga ko‘ra, hozirda hududiy boshqarmalar maktab direktorlariga sertifikatsiz xorijiy til o‘qituvchilarning tahliliy ro‘yxatini tayyorlash, ularni ogohlantirish va masalani nazoratda ushlab turish bo‘yicha rasmiy topshiriq bergan.
Shuningdek, ko‘plab ta’lim muassasalari direktorlari tomonidan xorijiy til o‘qituvchilariga rasmiy ogohlantirish xatlari ham berilmoqda.
Endilikda, 2025/2026-o‘quv yiliga qadar sertifikat talabiga javob bermagan pedagoglar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.


