2030-yilgacha yoʻqolishi mumkin boʻlgan 8 ta kasb ma’lum qilindi

2030-yilgacha yoʻqolishi mumkin boʻlgan 8 ta kasb ma’lum qilindi

 

2030-yilga kelib 8 ta kasb toʻliq yoʻqolib ketishi yoki mutaxassislar soni keskin kamayishi mumkin. Bu haqda “Gazeta.Ru” nashriga Iqtisodiy fanlar nomzodi, IMES iqtisodiyot va boshqaruv kafedrasi dotsenti Lyuza Bayguzina maʼlum qildi.

 

 

Ekspertning qayd etishicha, keskin kamayadigan kasblarga call-markaz operatori, kassir, omborxona xodimi, tipografiyachi, eski texnika taʼmirchi-mexanigi, qishloq xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislar, buxgalter va jurnalist kiradi. Ya’ni сall-markaz operatori, kassir va omborxona xodimi kabi kasblar avtomatlashtirish, sunʼiy intellekt va robototexnika kabi texnologiyalarning joriy etilishi sababli mehnat bozorida oʻz ahamiyatini yoʻqotishi mumkin.

 

“Tipografiyachi yoki eski texnika taʼmiri bilan shugʻullanuvchi mexaniklar uchun ham ish oʻrinlari tobora qisqara boshlashi mumkin, chunki iqtisodiyot zamonaviy uskunalar va texnologiyalarga oʻtib bormoqda. Shuningdek, fermerchilik va agrotexnologiyalarning rivojlanishi natijasida qishloq xoʻjaligini anʼanaviy usulda yuritish bilan bogʻliq kasblar ham dolzarbligini yoʻqotishi ehtimoldan xoli emas.

 

Buxgalteriya sohasida esa avtomatlashtirilgan tizimlar va dasturiy taʼminotlar koʻpgina vazifalarni bajara olishi tufayli, ayniqsa kam malakaga ega mutaxassislarga boʻlgan talab sezilarli darajada kamayadi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari raqamli formatga oʻtishi va axborotni qayta ishlash texnologiyalarining rivojlanishi natijasida anʼanaviy jurnalistlar faoliyatiga boʻlgan ehtiyoj ham pasayishi mumkin”, — deya izohlagan Bayguzina.

 

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, kamyob kasblar har doim ham yuqori maoshli boʻlavermaydi. Agar kasb kam uchraydigan boʻlsa-da, yuqori malaka talab etilmasa, uning ish haqi oshmasligi mumkin. Ammo sunʼiy intellekt yoki biomuhandislik kabi sohalardagi yuqori malakali mutaxassislar, aksincha, mehnat bozorida yuqori baholanishda davom etadi.

 

 

Bayguzina taʼkidlashicha, mutaxassislardan zamonaviy talablarga mos aniq bilim va koʻnikmalarni talab etuvchi kasblar kelgusida ham yuqori maoshli boʻlib qoladi.