Muhandislik respublika tanlovida kim BYD elektromobilni yutadi?

Muhandislik respublika tanlovida kim BYD elektromobilni yutadi?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” yo‘nalishlari bo‘yicha muhandislik sohasidagi Respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi boshlandi.

 

Bu tanlov — O‘zbekiston yoshlarining ilmiy-innovatsion salohiyatini amalga tatbiq etish, muhandislik va texnik ijod sohasidagi yechimlar orqali mamlakat rivojiga hissa qo‘shishga qaratilgan muhim maydonga aylanmoqda.

 

Tanlov raqamlarda:

 

1262 ta ariza muhandis.edu.uz platformasi orqali qabul qilingan;

 

– Shundan 1055 ta loyiha texnik ekspertizadan o‘tgan;

 

135 nafar ishtirokchi yakuniy bosqichga yo‘llanma olgan;

 

 

Yakuniy bosqichda 9 ta elektromobil loyihasi uchun taxminan 15 nafar ishtirokchi raqobatlashmoqda.

 

 

Ishtirokchilar — 40 yoshgacha bo‘lgan talabalar, o‘qituvchilar va amaliyotchi muhandislar. Ular uch toifada baholanmoqda va har bir ishtirokchi nafaqat g‘alaba uchun, balki o‘z innovatsion g‘oyasini amaliyotda namoyish etish uchun maydonga chiqmoqda.

 

Yakuniy bosqichda mutaxassislar va mukofotlar ham jiddiy

 

Yakuniy bosqichda ishtirokchilar o‘z loyihalarini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari, hamda tajribali ekspertlardan iborat xakamlar hay’ati oldida himoya qilmoqda.

 

Tanlov natijalariga ko‘ra:

 

1-o‘rin sohiblari — BYD Chazor elektromobili bilan taqdirlanadi;

2-o‘rin egalari — xorijiy amaliyot imkoniyatini qo‘lga kiritadi;

3-o‘rin — BHMning 50 barobari miqdorida pul mukofotini oladi.

 

Bu nafaqat ijodiy va ilmiy bellashuv, balki amaliyotga yo‘l ochuvchi, mehnat bozorida raqobatbardosh muhandislarni tayyorlashga xizmat qiluvchi mustahkam platformaga aylangan.

 

Taqdim etilayotgan loyihalar nafaqat noodatiy yechimlar, balki turli sohalardagi amaliy muammolarga texnik va texnologik yondashuvlarni taklif qilmoqda. Elektromobillar, sun’iy intellekt, energiya tejovchi texnologiyalar va raqamli muhandislik kabi yo‘nalishlar bu tanlovda alohida o‘rin tutadi.