Bahodir Jalolov nomidagi sport maktabida kasbiy imtihonlar yakunlandi

Bahodir Jalolov nomidagi sport maktabida kasbiy imtihonlar yakunlandi

2025-yil 17–21-iyul kunlari Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabida kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tdi. Imtihon jarayonlarida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan yosh sport ixlosmandlari o‘z jismoniy tayyorgarlik darajalarini namoyon etishdi.

 

 

Imtihonlar har kuni soat 8:00 da boshlanib, qat’iy belgilangan tartib asosida o‘tkazildi. Dastlab Toshkent shahri va viloyati vakillari, keyinchalik Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan talabgorlar bosqichma-bosqich imtihonda ishtirok etishdi.

 

 

Bahodir Jalolov nomidagi boks maktabiga bu yil 380 dan ortiq ariza kelib tushdi. Statistika shuni ko‘rsatadiki, har bir o‘rin uchun o‘rtacha 16 nafar talabgor da’vogarlik qilmoqda. Bu esa maktabga bo‘lgan ishonch va qiziqish nihoyatda yuqori ekanini ko‘rsatadi.

 

 

Imtihon jarayonida ishtirokchilar quyidagi sinovlardan o‘tishdi:

 

  • 60 metrga yugurish
  • Turnikda tortilish (qizlar uchun osilgan holatda)
  • Uzunlikka sakrash
  • Oldinga egilish

 

 

Shuningdek, maxsus jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha quyidagi mashqlar ham bajariladi

 

  • Soya bilan jang,
  • qoplar bilan ishlash,
  • sparing mashg‘ulotlari

 

 

Jarayonlar professional mezonlar asosida, sport muhiti va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazildi.

 

 

Imtihonlar Bahodir Jalolov nomidagi boks maktabining maxsus sport zalida tashkil etildi. Har bir ishtirokchi sport kiyimi, tug‘ilganlik guvohnomasi va ruxsatnomasi bilan qatnashdi.

 

 

Bu imtihonlar nafaqat jismoniy salohiyatni aniqlash, balki yoshlarning irodasi, intilishi va sportga bo‘lgan jiddiy munosabatini ko‘rsatdi. Endi hakamlar hay’ati tomonidan yakuniy baholash ishlari olib borilib, eng munosib nomzodlar saralab olinadi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi qoshidagi Bahodir Jalolov hamda Oksana Chusovitina nomidagi sport maktablariga kirish imtihonlari 2025-yil 10–20-iyul kunlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu sport maktablariga qabul ikki bosqich asosida amalga oshiriladi:

 

 

  1. Kasbiy (ijodiy) imtihon

  2. Test sinovi

 

Qabul har bir sinfda 12 nafardan kam bo‘lmagan va 24 nafardan oshmagan o‘quvchi soni asosida amalga oshiriladi.

 

 

Bahodir Jalolov nomidagi sport maktabining test jarayonlarini 22-iyul kuni 10:00da boshlandi.

Bahodir Jalolov nomidagi sport maktabida kasbiy imtihonlar yakunlandi