Sun’iy intellekt sohasida yetakchi kompaniya hisoblangan OpenAI o‘zining eksperimental modelini Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) doirasida sinovdan o‘tkazdi va u “oltin medal darajasi”ga teng natija ko‘rsatgan.
Bu haqda OpenAI’da til modellari va mantiqiy xulosalash ustida ishlovchi tadqiqotchi Aleksandr Vey ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, model olti topshiriqdan beshtasini to‘liq bajargan va 42 balldan 35 ball to‘plagan. Bu natija IMO’dagi eng kuchli ishtirokchilarning yutuqlari darajasiga teng hisoblanadi.
Xalqaro Matematika Olimpiadasi (IMO) 1959-yildan beri har yili o‘tkazilib kelinadi. Olimpiadada yuzlab davlatlardan eng iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etib, yuqori darajadagi matematik masalalarni yechish bo‘yicha bahslashadilar. 2024-yilda 630 ishtirokchidan atigi 67 nafari oltin medalga loyiq topilgan.
Sun’iy intellekt odatda katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va takroriy operatsiyalarni bajarishda ustunlik qiladi. Biroq, ijodkorlik va moslashuvchan tafakkur talab qilinadigan topshiriqlarda u ko‘pincha ojiz bo‘ladi. Ammo bu safar, OpenAI tadqiqotchilarining aytishicha, model insoniy mulohazalarga yaqin darajada fikrlay oldi. Aleksandr Veyning ta’kidlashicha, model professional matematiklar darajasida murakkab va aniq isbotlar tuzishni o‘rgangan.
