Ma’lumki, kirish imtihonlari oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul ikki bosqichda – avval test, keyin tanlov tamoyili asosida o‘tkazilmoqda. 2025-yil 27-iyuldan abituriyentlar uchun tanlov bosqichi boshlanadi va bu jarayon 10-avgust (shu kuni ham) ga qadar davom etadi. Shundan so‘ng bir hafta muddatda tanlov natijalari e’lon qilinadi.
O‘z natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellatsiya arizalarini my.uzbmb.uz saytida (shaxsiy kabineti orqali) onlayn tarzda 18-avgustdan 27-avgustga qadar (10 kun davomida) berishlari mumkin. Apellyatsiya shikoyati bergan abituriyentga apellyatsiya kuni va vaqti haqida xabarnoma yuboriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.
Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim.
Apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari kitobi va apellyatsion karta beriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
Apellyatsiya shikoyati maxsus komissiyasi tomonidan abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi. Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldiradi.
Abituriyent apellyatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin. Alohida ta’kidlash lozimki, apellyatsiya jarayonida abituriyent uchun qayta test sinovi o‘tkazilmaydi!
Agentlik belgilangan tartib asosida barcha e’tirozlarni ko‘rib chiqishga va tegishli tartibda javob qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi. Abituriyentlardan e’tirozlari yuzasidan o‘rnatilgan tartibda murojaat qilishlari so‘raladi.
