Endilikda davlat granti 1 yilga beriladi: bu qay tartibda amalga oshiriladi?

Endilikda davlat granti 1 yilga beriladi: bu qay tartibda amalga oshiriladi?

Endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.

 

Bu haqda 2024-yil 6-may kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotda aytilgan edi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda talabalar orasida grantni qayta taqsimlash tartibi ko’rsatib o’tilgan.

 

Ushbu tartibni qo’llash 2024/2025-o’quv yilida talaba bo’lganlardan boshlanadi.

 

Ushbu tartib magistratura bosqichda o’qiyotgan talabalarga ham tegishli hisoblanadi va davlat granti ular orasida ham qayta taqsimlanadi.

 

Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning grant o‘rni ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda quyidagi holatlarda inobatga olinmaydi:
– qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘qishi davlat granti asosida tiklanishi mumkin bo‘lgan talabalar chetlashtirilganda;
– talaba belgilangan tartibda akademik ta’til olganda;
– talaba akademik mobillik dasturlari asosida hamkor oliy ta’lim tashkilotida tahsil olish uchun bir o‘quv yilidan ko‘p bo‘lmagan muddatga ketganda.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan toifaga kiruvchi talabalar belgilangan tartibda va muddatlarda o‘qishni davom ettirish uchun qaytganda, navbatdagi ta’lim grantlarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishi mumkin.
Ta’lim grantiga talabgorlar uchun oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, grantga da’vogar talabalarning joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.
O‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha muayyan o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan past bo‘lgan talabalarning ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi. Ammo, bunday talabalar keyingi o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan ta’lim grantining qayta taqsimotida ishtirok etishlari mumkin bo’ladi.
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hisoblab chiqiladi va mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi hamda ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan aniqlanadi va 20 ballik mezonda baholanib, ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarni baholash natijalari har yili 1-avgustga qadar Maxsus komissiyaga taqdim etiladi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Maxsus komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarning natijalari umumlashtirilib, ularning ro‘yxati ballar ketma-ketligi bo‘yicha shakllantiriladi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning eng ko‘p to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ball 100 ballni tashkil etadi.
Muhim! Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi. Ya’ni, ikki talabaning natijasi teng bo’lsa, ular orasidan akademik o’zlashtirishi yuqori bo’lgan biri grantga egalik qilishi mumkin bo’ladi.
Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida ham, talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichida ham bir xil natija aniqlangan holatda mazkur talabgorlar uchun o‘zlashtirilgan semestrlarda o‘tilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Bunda test sinovlarini o‘tkazish muddatlari va tartibi, test savollari soni va baholash mezonlari oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya, Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Maxsus komissiyaning faoliyati natijalari (talabgorlarning aniqlangan ko‘rsatkichlari) muntazam ravishda oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Eslatma! Davlat grantida o’qish uchun oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ariza berish 20-iyulga qadar davom etadi.

Endilikda davlat granti 1 yilga beriladi: bu qay tartibda amalga oshiriladi?