“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” loyihasi boʻyicha davra suhbati o‘tkazildi

“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” loyihasi boʻyicha davra suhbati o‘tkazildi

Prezidentning 2023-yil 20-apreldagi “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 128-son qarorida ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash, ilg‘or amaliyotni o‘rganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish boʻyicha vazifalar belgilangan.

 

 

Joriy yilning 1-iyul kuni mazkur vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” loyihasi boʻyicha davra suhbati tashkil etildi.

 

 

Unda Oliy attestatsiya komissiyasi, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti mutasaddilari hamda Alfraganus universiteti va boshqa pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda olimlar ishtirok etishgan.

 

“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” loyihasi boʻyicha davra suhbati o‘tkazildi

 

Tadbirda Ta’limni rivojlantirish markazi direktori v.v.b Yuliya Risyukova “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi”ning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tar ekan, ushbu tashabbus yosh olimlarning ilmiy izlanishlari uchun keng yoʻl ochishini ta’kidlagan.

 

«Loyihaning asosiy maqsadi – yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga metodik va axborot jihatdan tayyorlash, ularni zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar yutuqlari, ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsion yondashuvlar bilan tanishtirishdan iborat.

 

Bugungi davra suhbati orqali biz loyihaning asosiy yoʻnalishlari, ilmiy-amaliy oʻquv kursi, yosh tadqiqotchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashamiz», – dedi Yuliya Risyukova.

 

Shuningdek, Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maslahatchisi Bahodir Jovliyev mamlakatimizda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib, “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” bu borada ilmiy izlanuvchilarni metodik qo‘llab-quvvatlashda muhim maydon bo‘lishini qayd etgan.

 

«Ushbu islohotlarga monand ravishda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ham yosh olimlarni ilmiy va metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘la namoyon etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda», – dedi Bahodir Jovliyev.

 

Loyihaning maqsadi taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlari, ilgʻor amaliyotni oʻrganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublika miqyosida joriy etishdan iborat.

 

 

Shuningdek, mazkur jarayonda yosh olimlar va tadqiqotchilarni tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ularning salohiyatini rivojlantirish, izlanishlarini doimiy tarzda qoʻllab-quvvatlash ham ko‘zda tutilgan.

“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” loyihasi boʻyicha davra suhbati o‘tkazildi

 

Alfraganus universiteti rektori Muhammadismoil Mahmudovning qayd etishicha, “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” ilmga qiziquvchi yoshlarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlashda muhim omillardan biridir.

 

«Har qanday davlat rivojida ilm-fan sohasini rivojlantirish muhim ahamiyat kab etadi. Mazkur jarayonlarda yosh avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini namoyon etishga ko‘maklashish har birimiz uchun ustovor vazifalardan biridir.

 

 “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi”ning yo‘lga qo‘yilishi bugungi kunda nafaqat bizning universitetimizdagi balki, barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi ilmiy kadrlar uchun ayni muddao bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman», – dedi Muhammadismoil Mahmudov.

 

Loyiha quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

 

 

– “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” ilmiy-amaliy onlayn oʻquv kursini tashkil etish;

 

– Ilmiy kengashlar va ularning faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etish;

 

– Tadqiqotchilar uchun foydali manbalar va ilmiy materiallarni muntazam ravishda taqdim etib borish;

 

– Ilmiy ishlanmalarni (maqolalar, dissertatsiya ishlarining avtoreferatlari, ilmiy risola va boshqalar) taqdim etish;

 

– Mahalliy va xalqaro OAK ro‘yxatidagi jurnallar, ular haqida to‘liq ma’lumotlar hamda maqola chop etish talablari bilan tanishtirib borish;

 

– Ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy metodologiyasi va tadqiqotchilar uchun zaruriy havolalarni berib borish;

 

– O‘zbekistonda ilmiy-innovatsion faoliyatni amalga oshirishga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarni taqdim etish.

 

“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” loyihasi boʻyicha davra suhbati o‘tkazildi

 

“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” ilmiy-amaliy onlayn oʻquv kursi doirasida asosiy e’tibor izlanuvchilarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularda zaruriy koʻnikmalarni shakllantirish, shuningdek, ilm-fan sohasida innovatsion yondashuvlarni keng targ‘ib etishga qaratiladi.

 

 

Shuningdek, izlanuvchilar uchun tanqidiy fikrlash, dolzarb muammolarni hal etish, tadqiqotlarning amaliy natijalarini tayyorlash va taqdim etish bo‘yicha bilimlarini yangilab borish imkoniyati yaratilishi ko’zda tutilgan.