Hukumatning “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga davlat oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda moliyaviy resurslardan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2025-yil 12-iyundagi 362-son qarori qabul qilindi.
Unga koʻra:
– oliygohlarda xorijiy tillar boʻyicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega professor-oʻqituvchilarning chet tilida maxsus o‘quv fanlarini o‘qitganlik uchun lavozim maoshlariga 100 foizigacha boʻlgan miqdorda oylik ustamalar belgilanishi mumkin (chet tillari, xorijiy filologiya, chet tili va tarjima yo‘nalishlarining kasbiy va maxsus fanlari o‘qituvchilari bundan mustasno);
– dotsent lavozimiga bir muddatga qabul qilingan professor-oʻqituvchilarga mos ravishda “Dotsent” boʻlimida nazarda tutilgan bazaviy lavozim maoshlari to‘lanishi belgilandi;
– oliygohda faoliyat yuritayotgan boshqa toifadagi xodimlarning ish haqiga nisbatan ustamalarning eng yuqori miqdori 400 foizdan oshmasligi belgilandi.
Shuningdek, talabalar turar joylarini saqlash va ekspluatatsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan, biroq BHMning 3 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratish orqali qoplab boriladi.
Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida jamoat transporti bekatlariga yaqin boʻlgan litsey, texnikum va oliy taʼlim tashkilotlarining boʻsh turgan maydonlari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari o‘qitish uchun tadbirkorlik subyektlariga oʻquv markazlarini tashkil etish maqsadida elektron onlayn-auksion savdolari orqali tanlov asosida ijaraga beriladi.
