Bolalarni maktabga tayyorlash bo’yicha 8 muhim tavsiya

Bolalarni maktabga tayyorlash bo’yicha 8 muhim tavsiya

Ko‘plab ota-onalar farzandini maktabga tayyorlashga bor kuchini sarflaydi. Pedagoglar, psixologlar, qarindoshlar, hatto boshqa ota-onalar bilan maslahatlashadi. Biroq baribir asosiy savol ochiq qoladi: bolaning maktabga tayyorgarligi yetarlimi? Ayniqsa, bola nutqida muammolari bo‘lsa, bu savol yanada dolzarb bo‘ladi.

 

 

Maktabga tayyorgarlik — faqat bilim darajasi emas. Bu bolaning aqliy rivojlanishi, bilim olishga tayyorligi, ijtimoiy muloqot ko‘nikmalari, o‘zini boshqarish qobiliyati va boshqa ko‘plab jihatlarni o‘z ichiga oladi.

 

 

O‘qituvchilar ko‘proq o‘quv dasturini o‘zlashtirish uchun kerak bo‘lgan ko‘nikmalarga urg‘u bersa, psixologlar bolaning hissiy-ruhiy va motivatsion jihatlarini muhim deb hisoblashadi.

 

 

Bolada maktabga borishga bo‘lgan ishtiyoq ko‘pincha o‘zini «maktab o‘quvchisi» sifatida tasavvur qila boshlashi bilan bog‘liqdir. Hatto daftar muqovasidagi rasm, yangi ruchka, ryukzak tanlash ham bolaning ruhiy tayyorgarligiga ta’sir ko‘rsatadi.

 

 

Agar bolaning nutqida nuqsoni bo’lsa — bu uning maktab hayotiga moslashishini qiyinlashtiradi. So‘z boyligi kamligi, grammatikani o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklar, fikrni izchil ifodalashdagi muammolar, tovushlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish — bularning barchasi ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir qiladi.

 

 

Psixolog va defektologlar amaliyotida shunday bolalarda darsga tayyorgarlikning past darajada ekanligi kuzatiladi. Bola o‘qituvchi bilan yoki boshqa bolalar bilan muloqotda qiynaladi, oddiy savol berish yoki savolga javob topish unga murakkab tuyuladi. Har bir dars holati go‘yoki yangilikdek ko‘rinadi, lekin har doim ham foydali bo‘lmaydi.

 

 

Quyida 1-sentabrgacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 8 muhim tavsiyalarni ko’rib chiqamiz:

 

 

1. Bolangiz bilan doim suhbatlashing

Harakatlaringizni izohlab gapiring: nima qilasiz, nima uchun, qanday reja bor, natijani qachon kutish mumkin. Avval siz gapiring, keyin bolani savol va izoh berishga chorlang.

 

 

2. Bolaga kitob o’qib bering

Unga yoqadigan mavzudagi kitoblar bo‘lsin. O‘qigandan so‘ng rasm va matnni birga muhokama qiling, rasm va voqealarni solishtiring. Bu tafakkurni rivojlantiradi.

 

 

3. Gapini oxirigacha eshiting

Hech qachon bolangizning gapini bo‘lmang. Bu uning o‘z fikrini erkin ifodalashiga yordam beradi. Hatto noto‘g‘ri yoki chalkash gapirsa ham, sabr bilan eshiting, so‘ng aniqlashtiruvchi savollar bering.

 

 

4. Qoidali o‘yinlarni birga o‘ynang

Masalan: loto, domino, stol o‘yinlari. Qoidalarni tushunish va unga amal qilish — bu o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. O‘yin jarayonida navbat kutish, yutqazishni qabul qilish, strategik fikrlash kabi jihatlar shakllanadi.

 

 

5. Kuzatish va tabiat bilan ishlash

Bola tirik va jonsiz tabiatdagi hodisalarni kuzatib, sabab-oqibat bog‘liqligini ko‘ra olishi kerak. Masalan, piyoz ekib o‘sishini kuzatish, urug‘ sepish — bu amaliy tajribani shakllantiradi.

 

 

6. Raqamlar, shakllar va fazoviy tushunchalarni o‘rgating

0 dan 9 gacha raqamlar, oddiy arifmetik misollar, geometrik shakllar, kun davri, hafta kunlari, fasllar haqida suhbatlashing. O‘yin orqali o‘rgatish ayniqsa samarali bo‘ladi. Masalan: «Nima chapda, nima o‘ngda?», «Nechta olma oldik?»

 

 

7. So‘z o‘yinlari o‘ynang

Sinonim, antonim, ko‘p ma’noli so‘zlar ustida ishlang. So‘z boyligi ortgan sari bola eshitganini tezroq tushunadi va yangi bilimlarni o‘zlashtiradi.

 

 

8. Har bir qadamni ijobiy ruhda kuzating

Ota-onaning sabr-toqati, mehribonligi va rag‘batlantirishi bola uchun katta yordamdir. Shoshmang va bolani boshqa tengdoshlar bilan solishtirmang.

 

 

Bolalarni maktabga tayyorlash yanada ko‘proq mehnat va sabr talab qiladi. Ammo to‘g‘ri yondashuv bilan bola o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon qila oladi. Muhimi — uni tushunish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlanishiga yordam berishdir.