Zamonamiz o‘qituvchisi nafaqat bilim beruvchi, balki bilimni ongda mustahkamlovchi murabbiy bo‘lishi zarur. Ko‘plab o‘qituvchilar uchun tanish holat — darsda faol qatnashgan o‘quvchilar, oradan bir hafta o‘tib, oddiy savolga javob topa olmaydi. Bu hodisa o‘qituvchining xatosi emas, balki inson miyasi faoliyatining tabiiy natijasidir. Uni psixologiyada “unutish egri chizig‘i” deb atashadi. Quyida biz aynan shu muammoning sabablari va uni yengib o‘tishda yordam beruvchi uchta samarali usul haqida so‘z yuritamiz.
Unutish Egri Chizig‘i Nima?
XIX asrda nemis psixologi Hermann Ebbinghaus tomonidan olib borilgan tadqiqotlar inson miyasi juda qisqa vaqt ichida yangi ma’lumotni unutishga moyilligini isbotladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki:
Yangi ma’lumotning 50 foizi 1 soat ichida,
75 foizi 1 kun ichida,
90 foizi esa 1 hafta ichida unutiladi.
Bu shuni anglatadiki, o‘quvchilar bilimsiz emas — ularning miyasi shunchaki ortiqcha ma’lumotdan qutulishga va faqat hayotiy zarur bilimlarni saqlab qolishga harakat qiladi. Ammo agar o‘rganilgan bilimlar takroran yodga olinsa, bog‘lanib ishlatilsa va shaxsiy tajriba bilan boyitilsa, u holda miyamiz bu ma’lumotni muhim deb bilib, uni uzoq muddatga saqlab qoladi.
Yangi bilimni darhol mustahkamlash uchun o‘quvchilarga o‘zlari eslab qolgan ma’lumotni yozib ko‘rsatish taklif etiladi. Bu usul “brain dump” — ya’ni “miyani bo‘shatish” deb nomlanadi. O‘qituvchi darsdan so‘ng “Daftarlaringizni yoping, hech qanday eslatmasiz, bu darsdan nimani eslab qoldingiz, yozing”, deb topshiriq beradi. O‘quvchilar 2–4 daqiqa ichida eslab qolgan tushuncha, misol, asosiy g‘oya yoki bog‘lovchi fikrlarni yozadilar.
Bu usul o‘quvchilarda mustaqil fikrlash ko’nikmasini oshirib, o‘rganganini o‘z tili bilan ifodalashni rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, o‘qituvchi ham o‘quvchining mavzuni qanday tushunganini bilib oladi va zarur bo‘lsa, izoh beradi yoki to‘g‘rilaydi.
O‘quvchilarning eslab qolishini kuchaytirishda yana bir muhim omil — bu shaxsiy tajriba bilan bog‘lashdir. “Living wall” yoki “tirik devor” usuli aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Buning uchun sinfda ajratilgan maxsus joyga o‘quvchilar qog‘ozlarga quyidagi savollarga javoblarini yozib yopishtiradilar:
Bugun nimadan hayratlandim?
Bu mavzuni hayotimda qayerda qo‘llay olaman?
Oldingi bilimlarim bilan qanday bog‘lanadi?
O‘qituvchi har juma kuni ushbu devor bilan ishlash uchun vaqt ajratadi: eski yozuvlarni o‘qish, yangi yozuvlar qo‘shish, qo’shimcha yozuvlar yozish, guruhlarga ajratish va boshqalar. Vaqt o‘tgan sayin o‘quvchilar o‘zlari yozganlari orasidagi bog‘liqliklarni topishga o‘rganadilar. Bu esa ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini mustahkamlaydi.
Yangi o‘rganilgan bilimni darhol real vazifaga qo‘llash eng kuchli o‘rganish vositasidir. Darsda yangi tushuncha o‘rgatilganidan so‘ng, o‘qituvchi o‘quvchilarga shu bilim asosida kichik vazifa beradi: ikki jumladan iborat hikoya yozish, karikatura chizish, yoki ijtimoiy tarmoqda post matnini yozish va boshqalar.
Masalan, istehzo mavzusini o‘rgangan o‘quvchi darhol ikki jumlalik istehzoli hikoya yozadi. Yoki xarakteristika mavzusidan so‘ng adabiy qahramon uchun ijtimoiy tarmoqda post matnini tayyorlaydi.
Bu orqali bilim xotiraning qisqa muddatli saqlashidan chiqib, uzoq muddatli xotiraga o‘tadi. O‘quvchi nafaqat eslab qoladi, balki bu bilimni real vaziyatda ishlatishga o‘rganadi.
Agar o‘quvchi bugun o‘rgangan narsasini ertaga unutsa, bu uning qobiliyatsizligidan emas. Bu — bilimni saqlab qolish mexanizmlarini ishga solmaganligimizdan dalolat beradi. Unutish egri chizig‘ini yengish uchun takror eslash, shaxsiy mulohaza bilan uni real vaqtda qo‘llash zarur.
“Brain dump”, “living wall” va “immediate use” metodlari orqali o‘quvchilar passiv bilim oluvchidan faol bilim egasiga aylanadilar. Ular shunchaki imtihondan o‘tmaydi — balki haqiqiy hayotdan kerakli bilimni o‘rganib, uni o‘zlashtiradi.
