Sun’iy intellektga tayyor bo‘lgan TOP-10 davlatlar ro‘yxati e’lon qilindi

Sun’iy intellektga tayyor bo‘lgan TOP-10 davlatlar ro‘yxati e’lon qilindi

Dunyo miqyosida mashhur bo‘lgan onlayn ta’lim platformasi Coursera o‘zining yillik Global Skills Report 2025 hisobotini taqdim etdi. Bu yilgi hisobotda asosiy yangilik sifatida AI Maturity Index — ya’ni, mamlakatlarning sun’iy intellektni (AI) joriy etish va rivojlantirishga tayyorgarlik darajasini baholovchi indeks kiritilgan.

 

 

Coursera’ning ta’kidlashicha, yangi tuzilgan AI Maturity Index faqatgina platformadagi foydalanuvchilar faoliyati asosida baholanmagan. Talabalar soni va ularning kurslardagi yutuqlari umumiy reytingga atigi 16,7 foiz (1/6 qismini) tashkil etgan. Qolgan baholash esa tashqi manbalarga tayangan.

 

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tayyorlangan AI bo‘yicha ilmiy nashrlar statistikasi hamda Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (IMF)ning sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksi asos qilib olingan. Bu holat mamlakatda sun’iy intellekt ko‘nikmalarining nafaqat mashhurligini, balki ularning iqtisodiyotdagi o‘rnini ham ko‘rsatishga xizmat qiladi.

 

 

Reytingda 109 ta mamlakat ishtirok etgan bo‘lib, Singapur eng yuqori o‘rinni egallagan.

AI Maturity Index bo‘yicha dunyodagi Top 10 mamlakat:

Singapur

Daniya

Shveytsariya

AQSh

Finlyandiya

Lyuksemburg

Niderlandiya

Shvetsiya

Norvegiya

Avstraliya

 

 

Shuningdek, hisobotda sun’iy intellektdan tashqari boshqa ko‘nikmalar bo‘yicha mamlakatlarning rivojlanish darajasi ham baholangan. Biroq bu reytingning metodologiyasi ham o‘zgartirilgan. Endi Coursera foydalanuvchilaridan olinadigan ma’lumotlar faqat 25% bahoga teng, qolgan 75% esa quyidagi tashqi ko‘rsatkichlarga asoslanadi:

 

Global Innovatsiya Indeksi (GII)

Ishchi kuchida ishtirok darajasi

Inson kapitali indeksi

Aholi jon boshiga YAIM

 

 

Natijada, 2025 yilda ko‘nikmalar reytingida 1-o‘rinni yana Shveytsariya egallagan. Biroq top-10 ro‘yxatida o‘zgarishlar kuzatilib — o‘tgan yili yuqori o‘rinda bo‘lgan Yaponiya va Germaniya o‘rnini bu yil Niderlandiya va Shvetsiya egallagan.

 

 

Hisobotga ko‘ra, 2025 yilda sun’iy intellekt bo‘yicha kurslarga yozilishlar soni 195% ga oshgan. Taqqoslash uchun: 2023 yilda bunday kurslarga har daqiqada bir kishi o’tgan bo’lsa,  2025 yilda esa har daqiqada o‘n ikki kishi ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bundan tashqari, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalariga talab 28%, kiberxavfsizlik bo‘yicha esa 11% ga oshgan.

 

 

Dunyo mamlakatlari orasida Rossiya ushbu reytingga kiritilmagan. Sababi, Rossiya fuqarolari Courseradagi pullik dasturlarga yozila olmaydi, shuningdek, 2022-yildan boshlab Rossiyadagi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan kurslar platformadan olib tashlangan.

 

 

Shunga qaramay, Rossiyada sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Ayniqsa, kompaniyalar tomonidan neyro tarmoqlar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv kurslariga talab 2,5 baravarga oshgan. Ushbu kurslar asosan xodimlarni matn yaratish, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish, shuningdek, kontekstli va nishonli reklama kampaniyalarini boshqarishda sun’iy intellektdan samarali foydalanishga o‘rgatadi. Eng ko‘p kurs xaridlari Moskva, Chelyabinsk viloyati va Sankt-Peterburgda amalga oshirilgani kuzatilgan.