Xitoyning Guandun provinsiyasi, Shenjen shahrida “Huawei ICT Competition 2024-2025” xalqaro musobaqasining yakuniy final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik “Volta” talabalar jamoasi ishtirok etib, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, musobaqa uch bosqich — milliy, mintaqaviy va global tizim asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning 100 dan ortiq davlatidan 2000 ta oliy ta’lim muassasalaridan jami 960 mingdan ortiq talaba qatnashgan.
“Volta” jamoasi “Innovatsiyalar tanlovi” nominatsiyasida kundalik hayotdagi muammolarni aniqlab, sun’iy intellekt, bulutli hisoblash va katta ma’lumotlar texnologiyalaridan foydalanib, ijtimoiy va tijoriy qiymatga ega funksional yechimlarni taqdim etgan.
Final bosqichida ishtirok etgan Xitoy, Germaniya, Turkiya, Polsha, Argentina, Qatar va boshqa davlatlar jamoalari orasida Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining «Volta» jamoasining taqdimoti tashkilotchilari tomonidan yuqori baholandi va ular uchinchi o’ringa loyiq ko’rilgan.

