2025-yilda BAA, Xitoy va Estoniya kabi mamlakatlar ta’lim sohasida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Jarayon.uz manbaga tayanib xabar berdi.
Unga ko’ra, BAA joriy yilning bahor oyidan boshlab 4 yoshli bolalar uchun sun’iy intellekt (SI) asoslari bo‘yicha maxsus o‘quv dasturini joriy qilgan. Ushbu dastur maktabgacha ta’lim muassasalarida SI etikasi, vizual kodlash, chatbotlar bilan ishlash va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Xususan, o‘qituvchilar uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. Mamlakat hukumati 2030-yilgacha SI sohasida 100 ming mutaxassis tayyorlashni maqsad qilgan.
Xitoy poytaxti Pekin esa 2025-yil mart oyidan boshlab barcha maktablarda SI darslarini majburiy qilgani ma’lum bo’lgan. Boshlang‘ich sinflardan boshlangan bu loyiha yiliga kamida 8 soat SI bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu orqali o‘quvchilar dasturlash, SI ilovalari yaratish, yuzni aniqlash va ovozli yordamchilar tayyorlash kabi ko‘nikmalarni egallaydi. Shuningdek, SI yordamida baholash tizimlari ham joriy etilgan. Bu tashabbus yoshlarni raqamli iqtisodiyotga tayyorlashga xizmat qiladi.
Estoniya esa 2025-yil boshida “AI Leap” nomli yangi ta’lim platformasini ishga tushirdi. Tashabbus 16–17 yoshdagi 3 mingdan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchilarni qamrab oladi. “OpenAI” va “Anthropic” kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dastur o‘quvchilarga SI yordamida matn, rasm, ovoz va dasturiy kod yaratishni o‘rgatadi.
Har bir ishtirokchiga “AI Portfolio” yaratilib, u orqali o‘quvchilar o‘z ishlarini universitetlar va ish beruvchilarga taqdim eta oladi. Estoniya hukumati ushbu portfolioni oliy ta’limga kirishda imtiyoz sifatida qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Shu tariqa, BAA, Xitoy va Estoniya ta’lim tizimida sun’iy intellektni yosh avlodga chuqur singdirish orqali kelajak raqamli iqtisodiyotiga tayyorlashda yetakchi mamlakatlarga aylanishga intilmoqda.
