Yakkasaroy tumani 319-maktab o‘qituvchisi yanvar oyida 1-sinf bolasini kaltaklagani uchun ma’muriy jarima olib, o‘z arizasi bilan ishdan ketgandi.
Toshkent shahar MMTB ta’kidlashicha, voqea 2025-yil 15-yanvar kuni Yakkasaroy tumanidagi 319-maktabda sodir bo’lgan. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi X.M. 1-sinf o‘quvchisini sinf xonasida kaltaklagan, ushbu holat bo‘yicha bolaning onasi o‘qituvchi X.M. ni sudga bergan. O‘qituvchi X.M. 2025-yil 16-yanvar kuni o‘z arizasiga muvofiq ishdan bo‘shagan.
Ma’lum bo‘lishicha, u hozirda ishga tiklangan, ayrim ota-onalar esa sud qaroridan norozi.
“Ota-onalar e’tiroziga ko‘ra, yuqoridagi holat boshqarma ishchi guruhi tomonidan o‘rganilayotganini bildiramiz”, — deyiladi xabarda.
Holat boshqarma ishchi guruhi tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qilingan.
Avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Laylo Fayzimurodova “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda zo‘ravon pedagog va tarbiyachilarning ta’lim tizimiga ishga kirishi taqiqlanishi mumkinligi haqida gapirgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim va sog‘liqni saqlash xodimlarini ham bolaning ta’lim-tarbiyasiga mas’ul shaxs etib belgilash rejalashtirilgan. Ular bir yil ichida bolaga nisbatan takroran salbiy xatti-harakat qilsa maxsus reyestrga kiritiladi va bola faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga ishga kirishi taqiqlanadi.
Qonun loyihasi idoraviy kelishuvdan o‘tib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
