Endilikda kambagʻal oilalar toifalarga ajratiladi

Endilikda kambagʻal oilalar toifalarga ajratiladi

“Kambagʻal oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni  qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, 2025-yil 15-maydan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi boʻlgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab koʻrsatiladi.

 

“Qizil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

 

–  aʼzolarining kamida 1 nafari sogʻligʻining holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan;

–  parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi boʻlgan;

–  oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi yoki yolgʻiz keksa yoxud yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxsdan iborat boʻlgan;

–   boquvchisini yoʻqotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oila;

 

“Sariq” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan hamda aʼzolari sogʻligʻi holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan oilalar kiritiladi.

 

“Yashil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

–  oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan boʻlsa;

–  oilaning Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori boʻlsa.