«Oʻrtacha oylik ish haqi 4 mln soʻm»: taʼlim eng kam haq toʻlanadigan soha boʻlib qolmoqda

«Oʻrtacha oylik ish haqi 4 mln soʻm»: taʼlim eng kam haq toʻlanadigan soha boʻlib qolmoqda

Oʻzbekistonda 2025-yilning birinchi choragida taʼlim sohasidagi oʻrtacha nominal ish haqi 4 million soʻmdan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi 27-aprel kuni eʼlon qilgan soʻnggi maʼlumotlarda qayd etilgan.

 

Joriy yilning yanvar mart oylarida taʼlim sohasida oʻrtacha oylik maosh 4 mln 44 ming soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 17,7 foizga oʻsgan.

 

Aytish joizki, taʼlim sohasi ichki tuzilmasi boʻyicha ish haqlari keskin farq qilmoqda. Xususan, oliy taʼlim muassasalarida bu koʻrsatkich 9 mln 591,7 ming soʻmga yetgan boʻlsa, umumiy oʻrta taʼlimda oʻrtacha ish haqi 3 mln 970,4 ming soʻmni tashkil etdi.

 

Maktabgacha taʼlim sohasida bu koʻrsatkich ancha past — 2 mln 164,3 ming soʻm.

 

Maʼlumot uchun, respublika boʻyicha 2025-yil 1-choragida oʻrtacha oylik ish haqi 5 mln 796,1 ming soʻmni tashkil etgan. Eng yuqori maoshlar axborot va aloqa (14,8 mln soʻm) hamda bank-moliya (15,8 mln soʻm) sohalarida qayd etildi.

 

2025-yil yanvar mart oylarida Oʻzbekiston boʻyicha umumiy oʻrtacha oylik maosh 5 mln 796,1 ming soʻmni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich bilan taʼlim sohasi oʻrtacha koʻrsatkichdan dan qariyb 1,75 mln soʻm kam degani.

 

Soʻnggi 5-yillik trendlar shuni koʻrsatmoqdaki, taʼlim sohasi oʻsishda davom etmoqda:

 

2021-yilda: 2 mln 040,6 ming soʻm;

2022-yilda: 2 mln 242,6 ming soʻm;

2023-yilda: 2 mln 883,3 ming soʻm;

2024-yilda: 3 mln 572,9 ming soʻm;

2025-yilda: 4 mln 044,2 ming soʻm.

 

Taʼkidlash lozim, 2025-yilning birinchi choragida eng yuqori oʻrtacha ish haqi qayd etilgan yoʻnalishlar, xususan, sanoatda oʻrtacha maosh 6 million 923 ming soʻm, qurilishda 6 million 13 ming soʻm, savdo sohasida esa 6 million 521 ming soʻmni tashkil etdi.

 

Ayni vaqtda, eng past ish haqi qayd etilgan sohalar qatorida taʼlim (4 million 44 ming soʻm), sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish (3 million 626 ming soʻm) hamda sanʼat, koʻngilochar va dam olish xizmatlari (4 million 831 ming soʻm) boʻldi.