Davletov.uz telegram kanalida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining oʻnlab bino va inshootlari sotuvga qoʻyilgani haqida ma’lumot post joylandi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa o’zining telegramdagi sahifasida ushbu holatga nisbatan fik bildirdi.
«Talabalar yotoqxonasi oʻzi defitsit, lekin yotoqxonalarni sotish yana avj olmoqda. Toʻgʻrisi, bu masalada mantiqni tushunish juda qiyin. Hukumat talabalar yotoqxonalari yetishmovchiligini tan olib, yangi yotoqxonalar qurmoqda, byudjetdan har yili yuzlab milliard subsidiya ajratilmoqda. Muammoning ijtimoiy chuqurligi shunchalikki, talabalarga yotoqxona yetkazib bera olmagani uchun, xususiy sektordan joy topayotgan talabalar uchun ijara haqining bir qismini qoplab berilmoqda. Ayni paytda, oʻzi defitsit boʻlgan yotoqxonalarni sotvorish toʻxtagani yoʻq», – deydi Bakirov.
Hozircha ushbu yotoqxonada qancha talaba istiqomat qilishi va binolar sotilgach universitet talabalari qayerga ko’chirilishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot yo’q.
Shuningdek, 2024-yilning dekabr oyida AOKAda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda respublikadagi oliygohlarda 27 364 o‘rinli talabalar turar joyi va 10 500 o‘rinli o‘quv binolari yaratilgani xabar qilingan edi. Bundan tashqari, birifingda davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha bosqich talabalarini yotoqxonalarga joylashtirish to‘liq raqamlashtirilgani haqida ma’lumot berilgan.

