Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda, shuningdek, chet elda o‘qigan yoshlarni vatanimizda o‘z sohasi bo‘yicha munosib ish bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Bu borada “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etilmoqda. U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi.
Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Har yili 25-mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 750 nafar vatandoshimiz xorijda o‘qiyapti. Mutasaddilarga yoshlar uchun bu imkoniyatlarni yanada oshirish, jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
