Kaliforniya shtati universiteti ta’limga sun’iy intellektni joriy qilmoqda

Kaliforniya shtati universiteti ta’limga sun’iy intellektni joriy qilmoqda

Kaliforniya shtati universiteti (CSU) taʼlim sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha yirik qadam tashladi. OpenAI tomonidan yaratilgan generativ sunʼiy intellekt mahsuloti ChatGPT Edu 23 ta kampusda 460 000 dan ortiq talaba va 63 000 dan ortiq oʻqituvchi hamda xodimlar uchun foydalanishga topshirilmoqda.

 

Bu AQShda ilk bor butun universitet tizimi miqyosida amalga oshirilayotgan ChatGPT joriy etilishi boʻlib, dunyodagi eng yirik ChatGPT integratsiyasi hisoblanadi, deyiladi OpenAI bergan bayonotda.

 

Innovatsion taʼlim tizimi uchun davlat-xususiy sherikligi

 

Loyiha davlat-xususiy sheriklik doirasida amalga oshirilmoqda. ChatGPT Edu bilan bir qatorda, Adobe, Google, AWS, IBM, Intel, Microsoft, NVIDIA, Instructure, LinkedIn va boshqa texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikda “sunʼiy intellekt asosidagi universitet tizimi” yaratish rejalashtirilgan.

“Bu innovatsion, yuqori darajada hamkorlikdagi davlat-xususiy tashabbus bizni sunʼiy intellektni taʼlimda samarali, masʼuliyatli va teng huquqli joriy etishda global yetakchiga aylantiradi”, — dedi CSU kansleri Mildred García.

 

Uning ta’kidlashicha, kompleks strategiya talabalarning barcha taʼlim yoʻnalishlarida tajribasini boyitadi, oʻqituvchilarimizning taʼlim va tadqiqot imkoniyatlarini kengaytiradi hamda Kaliforniya iqtisodiyotini sunʼiy intellekt yordamida rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar yetishtiradi.

 

Sunʼiy intellektga asoslangan taʼlimni rivojlantirish strategiyalari

 

CSU loyiha doirasida quyidagi uchta asosiy yoʻnalishni eʼlon qildi:

 

1. AI Commons: Barcha talaba, oʻqituvchi va xodimlar uchun bepul sunʼiy intellekt vositalari, trening dasturlari va sertifikatlarni oʻz ichiga olgan maxsus platforma.

 

2. AI Educational Innovations: Oʻqituvchilar uchun yangi taʼlim usullarini joriy etish, innovatsion tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash hamda sunʼiy intellektni taʼlim tizimiga integratsiya qilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni hal qilish uchun resurslar va treninglar.

 

3. AI Workforce Training: Talabalarga sunʼiy intellektdan foydalanuvchi tashkilotlarda amaliyot oʻtash imkoniyatlarini yaratish va real dunyo tajribasini oshirish.

 

Sunʼiy intellekt asosidagi taʼlimda global yetakchilikka intilish

 

Loyiha AI Workforce Acceleration Board tomonidan boshqariladi. Bu kengash Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom idorasi, yetakchi texnologik kompaniyalar va CSU vakillaridan iborat boʻlib, “sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda iqlim oʻzgarishi va uy-joy muammolarini hal qilishda amaliy yechimlar yaratishga qaratilgan AI musobaqalarini” tashkil etadi.

“Bizning ikki asosiy vazifamiz bor: talabalarga ushbu kuchli vositalardan unumli foydalanishni oʻrgatish va AQShdagi eng yirik davlat universiteti tizimiga xizmat qilishda sunʼiy intellekt yordamida oʻzimizni takomillashtirish,“ — dedi Ed Clark, universitetning bosh axborot direktori.

 

OpenAI taʼlim boʻyicha vitse-prezidenti Leah Belsky ushbu tashabbus haqida shunday dedi:

“Butun taʼlim ekotizimi — muassasalar, tizimlar, texnologlar, oʻqituvchilar va hukumatlar — hamkorlikda ishlashi va barcha talabalarga sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanishni oʻrgatishi muhim. CSU taʼlim sohasida jasorat bilan namuna koʻrsatmoqda.”

 

Bu tashabbus taʼlim, xususiy sektor va hukumat oʻrtasidagi hamkorlik orqali Kaliforniya va butun mamlakat boʻylab kelajak avlodlarni sunʼiy intellektga tayyorlashni maqsad qilgan.