Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs tomonidan Toshkentdagi 71-maktab o‘quvchilari xavfsizligiga tahdid qilingan xabarlar tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 71-sonli umumta’lim maktabida ta’lim jarayonlari boshqarma tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Bugun maktabning birinchi va ikkinchi navbatidagi darslar belgilangan jadval asosida o‘tkazildi.
Yuqoridagi anonim yozilgan xabar o‘z isbotini topmadi. Maktab ma’muriyati, milliy gvardiya, psixolog-inspektor ota-onalar va o‘quvchilar bilan tushuntirish ishlarini amalga oshirib, bu kabi asossiz xabarlarga ishonmaslikka hamda doimo hushyor bo‘lishga chaqirgan.

Qonunchilikka ko‘ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatgan shaxs BHMning 100 baravarigacha (37 mln 500 ming so‘mgacha) jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma‘muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishi mumkin:
- BHMning 200 baravarigacha (75 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
- 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 2-yilgacha ozodlikni cheklash.
