Ijtimoiy tarmoq sahifalarida fuqaro tomonidan Toshkent shahridagi 240-maktab o’qituvchisi o’quvchini do’pposlagani haqida videoxabar tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Ishchi guruhi tomonidan o’rganilgan. Unga ko’ra, Yunusobod tumanidagi 240-sonli umumta’lim maktabida shu yilning 15-yanvar kuni taxminan soat 16 lar atrofida 5-“G” sinf o’quvchisi M.S. boshlang’iya ta’lim fani o’qituvchisi N.Q. ning dars mashg’ulotini o’tishiga xalaqit qilib, sinfxona eshigini bir necha marta tepgan va taqillatgan. Oqibatda o’qituvchi N.Q. o’quvchiga tanbeh berib, M.S. ni sinf rahbari oldiga olib borgan va boshiga bir marotaba urganligi ma’lum bo’lgan. Ammo video murojaatda aks etgan lavha 240-maktabga tegishli emasligi aniqlangan.
O’quvchining onasi O.D. o’qituvchining xatti-harakatidan norozi bo’lib huquq-tartibot idoralariga shikoyat xati bilan murojaat qilgan. 2025-yil 13-fevral kuni bo’lib o’tgan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo’yicha Yunusobod tuman sudi Qaroriga ko’ra, o’qituvchi Q.N. ga nisbatan O’zbekiston Respublikasi MJtKning 33-moddasi qo’llanilib, jarima jazosi belgilangan.
Shuningdek, bir necha kun oldin Margʻilonda oʻqituvchi oʻquvchini urganligi aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergan edik.
