Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 54-son qaroriga muvofiq 2025-yil 1-martdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarining veb-saytlari yagona platformaga o‘tkazilishi belgilandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy uzedu.uz veb-sayti yagona gov.uz platformasiga o‘tkazilganidan so‘ng bir hafta muddatda ushbu domen manzillari hamda veb-sayt va undagi ma’lumotlarni saqlab qolgan holda, yagona gov.uz platformadagi rasmiy veb-sayt manziliga yo‘naltiriladi yoki vazirlikning uzedu.uz sayti faoliyati to‘xtatiladi.
Aslida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yil noyabr oyidan boshlab Davlat organlari axborot resurslarining yagona platformasiga ulangandi.
Ammo vazirlik faoliyatiga oid asosiy yangiliklarga uzedu.uz saytiga havola ko‘rsatib kelinayotgandi. Vazirlar Mahkamasining 54-son qarori qabul qilinganidan so‘ng vazirlik yangiliklariga gov.uz/uzedu saytiga havola ko‘rsatib kelinmoqda.
Ayni vaqtda gov.uz/uzedu saytida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining barcha ma’lumotlari shakllantirilgan. 2025-yil 1-martdan boshlab vazirlik veb-sayti yagona platformaga o‘tkaziladi.
