O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Nizom talablariga ko‘ra, xususiy sherik mulki negizida tashkil etilgan, nodavlat MTTni moddiy ta’minlash shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi xususiy sherik tashabbusi bilan tanlov o‘tkazilmay va taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganish asosida tashkil etilishi mumkin.
Davlat-xususiy sheriklikni mazkur shaklda amalga oshirish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
➖ariza;
➖yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma;
➖yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma;
➖binolarga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma;
➖yong‘in nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga mosligi haqidagi xulosasi;
➖sanitariya-epidemiologiya nazoratining mavjud binolar va xonalarning gigiyena qoidalari, normalari va normativlariga mosligi haqidagi xulosasi;
➖xususiy sherik pedagogika xodimlarining oliy yoki o‘rta maxsus pedagogik ma’lumoti borligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Xususiy sherikning loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi arizasi davlat sherigi tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat sherigi va xususiy sherik o‘rtasida yetti kun ichida bitim tuziladi.