Toshkent viloyati Qibray tumani 48-sonli umumta’lim maktabi ingliz tili fani o‘qituvchisi Dilnoza Jo‘raboyeva Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan malaka toifasi attestatsiyasida test sinovlarida 94 balni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Toshkent viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Dilnoza Jo‘raboyeva Qibray tumanida eng yaxshi ustozlardan biri. Malaka toifasi uchun o‘tkazilinayotgan sinovlarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
– 100 ball olaman deb niyat qilgandim. Mutaxassisligim bo‘yicha barcha savollarga to‘g‘ri javob berdim. Biroz metodikada adashibman, ammo natijam yomon emas. 94 ball. Inson qanchalik kengroq, kattaroq niyatlar qilsa shu qadar natijalar beradi. Albatta faqat niyat bilan emas, bunda harakat ham muhimdir.
Men ayni damda bizni qo‘llab-quvvatlayotgan vazirligimizga rahmat aytmoqchiman. Ilgari 15 yilda oliy toifaga ega bo‘lsak, bugungi kunda bir yarim yilda bu natijani qo‘lga kiritishimiz mumkin. Bu imkoniyatni bergan vazirligimiz va mutassaddilarga minnatdorlik bildiraman.
Barcha bilim va ko‘nikmalarimni yosh avlod ta’limi uchun, ularning kelajagi uchun sarflayman, — dedi u.