Navoiy shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Aziza Neʼmatova “Women In Tech” global dasturining Kavkaz va Oʻrta Osiyo mintaqasi boʻyicha “Intiluvchan yosh” mukofotini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik boʻldi.
U axborot texnologiyalari sohasida katta natijalarga erishmoqda. Xususan, “Kiberxavfsizlik klubi” ish oʻrganuvchisi hamda “Girls in Research” loyihasida kvant hisoblashlarga asoslangan zamonaviy kompyuterlar boʻyicha ilmiy ish muallifi hamdir.
Bundan tashqari, “TechGirls 2024” loyihasi doirasida kosmo-ekologik robot ustida ish olib borgan. Shuningdek, uning tashabbusi bilan taʼlim maskanida “Navoi Tech Teens” dasturlash va kiberxavfsizlik IT oromgohi tashkil etilgan.
Maʼlumot oʻrnida, “Women in Tech” 2017-yilda tashkil etilgan global dastur boʻlib, uning maqsadi xotin-qizlarni texnologiyalardagi ishtirokini kengaytirishdir.
Ushbu dastur dunyo boʻylab 56 dan ziyod mamlakatlarda 250 mingdan ortiq ishtirokchilarni birlashtirgan. “Women in Tech”ning bosh ofisi Fransiyada joylashgan.
Aziza Neʼmatova 2024-yilning 14-noyabr kuni Parijda boʻlib oʻtadigan “Women In Tech” global dasturining xalqaro taqdirlash marosimida ishtirok etishi kutilmoqda.