Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident Farmoni (PF-158-son, 16.10.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko’ra, kasbiy ta’lim tashkilotlarining amaldagi turlari maqbullashtirilib, kasbiy ta’limning barcha darajalari bo’yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog’i tashkil etiladi.
Texnikumlarda:
– kadrlar tayyorlash Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va O’zbekiston milliy malaka tizimi talablariga mos ravishda tashkil etiladi;
– boshlang’ich, o’rta va o’rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo’yicha kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yiladi, shuningdek, malaka va kompetensiyalar bo’yicha qisqa muddatli o’quv kurslari tashkil etiladi;
– boshlang’ich kasbiy ta’lim dasturlari bo’yicha kadrlar tayyorlash umumiy o’rta ta’lim tashkilotining 9-sinfini tamomlagan o’quvchilar uchun – davlat granti asosida amalga oshiriladi;
– o’rta va o’rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari bo’yicha kadrlar tayyorlash davlat granti va to’lov-kontrakt asosida tashkil etiladi;
– o’rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarining bitiruvchilariga o’zlashtirgan modullari, to’plagan kreditlari va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan ballar o’rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning tegishli bosqichidan o’qishni davom ettirishga ruxsat etiladi.