Yotoqxonadan haydalgan talabalarning to‘lov pullari uch kun ichida qaytariladi

Yotoqxonadan haydalgan talabalarning to‘lov pullari uch kun ichida qaytariladi

Toshkent davlat texnika universiteti talabalari avval joylashtirilgan yotoqxonadan chiqarilib, universitetning boshqa talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlariga joylashtirildi. Talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan uch kun ichida to‘liq qaytarib beriladi.

 

Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalar yotoqxonasi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgandi. Unda talabalar joylashtirilgan bino hali rasman foydalanishga topshirilmagani va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagani ma’lum qilingan.

 

Endi holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati ham munosabat bildirdi.

 

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi ishchi guruh ushbu vaziyatni o‘rganish jarayonida tadbirkor, tegishli mas’ullar, prokuratura xodimlari hamda universitet rahbariyati ishtirok etgan.

 

Aniqlanishicha, Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan bino hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Shuningdek, obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.

 

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, binoda issiq suv va isitish tizimlari ulanmagan, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ham amaldagi talablarga javob bermagan.

 

Shundan so‘ng talabalar mazkur obyektdan chiqarilib, universitetning boshqa talabalar turar joylari va ijara xonadonlariga joylashtirilgan.

 

Avval ushbu binoga joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan uch kun ichida to‘liq qaytarib berilishi bildirilgan.

 

Hozirda obyektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo‘yicha ishlar davom etayotgani hamda hokimlik mazkur masalani nazoratga olgani ma’lum qilingan.