Buxoroda voyaga yetmagan bolani olib ketib, kaltaklaganlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Buxoroda voyaga yetmagan bolani olib ketib, kaltaklaganlar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Buxoro viloyatida 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolani ruxsatisiz boshqa manzilga olib borilib, kaltaklangani aytilmoqda. Holat yuzasidan ikki kishiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida voyaga yetmagan bolaga zo‘ravonlik qilingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olinganligi ma’lum qilindi.

 

Aniqlanishicha, 28-avgust kuni Buxoro viloyatida yashovchi E.R. qizi O.D. bilan ko‘rishish uchun kelgan voyaga yetmagan E.O.ni uning ruxsatisiz avtomashinada qarindoshi F.F.ning uyiga olib borgan.

 

U yerda bola boshqa shaxslar bilan birga kaltaklangan.

 

Tergovga qadar tekshiruv doirasida tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasida voyaga yetmagan bolaning tanasining turli sohalarida jarohatlar mavjudligi aniqlangan.

 

Holat yuzasidan 7-sentyabr kuni E.R. va F.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari hamda 105-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda “Toza hudud” xodimi voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilganligi haqida xabar berilgan edi. Mazkur shaxsga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.