Florida shtatida yashovchi ayol sun’iy intellekt platformasida Lee okrugi Sherif idorasiga hujum qilish bilan bog‘liq tahdidli xabarlar yozgani uchun qo‘lga olindi.
AQShning Florida shtatida 30 yoshli Karli Mishel Heller Lee okrugi Sherik idorasiga tahdid qilgani uchun hibsga olingan. Bu haqda WINK News xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Heller 26-sentabr kuni “Anthropic” kompaniyasining “Claude” platformasida sherif idorasiga hujum qilishi haqida yozgan. Ertasi kuni esa yangi qurol sotib olgani haqida xabar qoldirgan.
“Claude”ning xavfsizlik tizimi ushbu yozuvlarni aniqlab, kompaniyaning xavfsizlik guruhiga yuborgan. Shundan so‘ng ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetkazilgan. Tergovchilar Hellerning uyiga borib, uni qarshiliksiz qo‘lga olgan.
Ayol sun’iy intellektdan “kundalik” sifatida foydalanganini aytgan. Biroq tergovchilar uning yozuvlarini real tahdid sifatida baholagan.
Ayolga zo‘ravonlik bilan tahdid qilish ayblovi qo‘yilgan. Lee okrugi sherifi Karmen Marseno foydalanuvchilar sun’iy intellekt platformalarida yozgan xabarlari to‘liq anonim emasligini tushunishi kerakligini ta’kidladi.
Avvalroq, Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatayotgani haqida xabar bergan edik.
