Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

6-oktyabr kuni Toshkentda AQShning Jorjtaun universiteti ekspertlari ishtirokida pedagoglarning generativ sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan uch kunlik xalqaro o‘quv-amaliy seminar boshlandi.

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jorjtaun universiteti hamkorligida Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilgan seminarda hududiy pedagogik markazlardan tanlab olingan 50 nafarga yaqin mutaxassis, Jorjtaun universiteti ekspertlari va ta’lim sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Dastur doirasidagi alohida sessiyalarga Google for Education mutaxassislari ham onlayn tarzda jalb etiladi.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

Seminarning asosiy maqsadi Jorjtaun universiteti professor-o‘qituvchilari va o‘zbekistonlik pedagoglar o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, pedagoglarning generativ sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

 

“Asosiy vazifa — sun’iy intellektni ta’lim sifati uchun ishlatish”

 

Tadbirning ochilishida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov sun’iy intellektning ta’limga jadal kirib kelayotgani sharoitida yangi texnologiyalarni shunchaki o‘rganish emas, ulardan ta’lim sifati va pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda maqsadli foydalanish muhimligini ta’kidladi.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

“Bugun sun’iy intellekt ta’lim sohasiga ham jadal kirib kelmoqda. Shu bois yangi texnologiyalarni shunchaki o‘rganish emas, balki ulardan ta’lim sifati va pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda maqsadli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Shu ma’noda seminar oldiga qo‘yilgan asosiy savol oddiy va dolzarb: sun’iy intellekt o‘qituvchining darsini qanday qilib yanada samarali tashkil etishga yordam beradi? Ushbu uch kunlik seminarning vazifasi ana shu savolga amaliy javob topishdan iborat”, — dedi Kurbaniyazov.

 

“Bu bir tomonlama bilim berish jarayoni emas”

 

Jorjtaun universiteti professori Yanna Vovides esa uch kunlik dastur bir tomonlama bilim berishga emas, o‘zaro o‘rganish, tajriba almashish va amaliy yechimlarni birgalikda ishlab chiqishga asoslanganiga e’tibor qaratdi.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

“Biz uchun ushbu uch kunlik seminar faqat sizlarga bilim berishdan iborat emas. Bu — birgalikda o‘rganish, tajriba almashish va amaliy yechimlarni birgalikda ishlab chiqish jarayonidir. Dasturimizni ishlab chiqishda ikkita asosiy tamoyilga tayandik: fikrlashni amaliyot bilan birlashtirish va bir-birimizdan o‘rganish.

 

Bu yerda faqat biz sizlarga emas, sizlar ham o‘z tajribangiz orqali bizga yangi bilim berasiz. Boshqa mamlakatda ta’lim bilan bevosita ishlayotgan mutaxassislar tajribasini o‘rganish biz uchun ham juda muhim. Bu tajribani Jorjtaunga olib qaytib, o‘z amaliyotimizni takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — dedi Vovides.

 

“Olingan bilim auditoriyaning o‘zida qolib ketmasligi kerak”

 

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti Akademik faoliyat bo‘yicha birinchi prorektori Dildora Xakimova seminarda olingan bilim va tajribaning hududlardagi pedagoglargacha yetib borishi muhimligini qayd etdi.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

“Sun’iy intellekt biz uchun bugun yangilik emas. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt institutimizdagi malaka oshirish, rahbar kadrlarni tayyorlash, shuningdek, kasbiy rivojlanishga qaratilgan dasturlar mazmunidan allaqachon o‘rin olgan.

 

Bugungi seminarda ishtirok etayotgan hududiy pedagogik markazlar vakillari joylarda pedagoglar bilan bevosita ishlaydigan mutaxassislar sifatida bu jarayonning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi.

 

Eng asosiysi, bu yerda olingan bilim va tajriba shu auditoriyaning o‘zida qolib ketmasligi kerak. Uni hududlarda hamkasblar va tinglovchilarga yetkazish orqali bu bilimlar pedagoglarning kundalik faoliyatida o‘z aksini topishi lozim”, — dedi Xakimova.

 


Uch kun davomida nimalar o‘rganiladi?

 

Seminarning birinchi kunida generativ sun’iy intellektdan darsga tayyorgarlik ko‘rish, darslarni rejalashtirish va baholash topshiriqlarini yaratishda foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Jorjtaun universiteti professori Yanna Vovides va assistent Albina Yildiz ishtirokchilar bilan generativ sun’iy intellektning o‘qituvchi faoliyatidagi imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

Shuningdek, Google for Education mutaxassislari onlayn tarzda qo‘shilib, Google sun’iy intellekt vositalarini dars jarayonida qo‘llash imkoniyatlarini amaliy namoyish etadi.

 

Seminarning ikkinchi va uchinchi kunlari ta’limni loyihalash va onlayn kurslar ishlab chiqishga qaratiladi. Ishtirokchilar samarali promptlar tuzish, sun’iy intellekt yordamida topshiriqlar yaratish, qisqa o‘quv va mikroo‘qitish modullarini ishlab chiqish hamda baholash mezonlarini shakllantirish bo‘yicha ishlaydi.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

Dastur yakunida ishtirokchilar tomonidan sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha onlayn kursning dastlabki tuzilmasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.


Hamkorlik qanday boshlangan?

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jorjtaun universiteti o‘rtasidagi hamkorlik 2025-yil oktyabrida, Markaz vakillarining AQShga amaliy tashrifi davomida boshlangan.

 

Jorjtaun universiteti ekspertlari o‘zbekistonlik pedagoglarga sun’iy intellektdan ta’limda foydalanishni o‘rgatmoqda

 

Keyinchalik Jorjtaun universitetining “Global Engagement Faculty Grants” dasturi doirasida O‘zbekistonda raqamli ta’limni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyiha uchun grant ajratilgan.