O‘zbekiston Global innovatsiya indeksi (GII) reytingida 2026-yilda ham o‘sish qayd etdi. Mamlakat 139 ta davlat orasida 77-o‘rinni egallab, o‘tgan yilgi natijasiga nisbatan 2 pog‘onaga yuqoriladi.
Global innovatsiya indeksi (GII) reytingi hisoboti Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Portulans instituti (AQSH), turli korporativ va akademik tarmoq hamda GII maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlanib, har yili sentyabr oyida e’lon qilinadi.
Reyting global tadqiqot va innovatsion rivojlanish bo‘yicha dunyo mamlakatlari faoliyatini baholaydigan yetakchi tadqiqot hisoblanadi hamda 2 ta subindeks va 7 ta yo‘nalish guruhiga birlashtirilgan 80 ga yaqin indikatorni o‘z ichiga oladi.
29-sentyabr kuni e’lon qilingan GIIning 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, Oʻzbekiston o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 2 pog‘ona o‘sib, 139 ta mamlakat orasida 77-oʻrinni egallagan.
Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromad guruhida 36 ta mamlakat oʻrtasida kuchli 8 talik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 11 ta mamlakat ichida kuchli 4 talik mamlakatlar qatoridan joy olgan. Reytingda innovatsiyalarga yo‘naltiriladigan sarmoya va resurslar (innovation input) subindeksida 68-o‘rin (1 pog‘onaga o‘sdi) va innovatsiyalar natijadorligi (innovation output) subindeksida 78-o‘rin (14 pog‘onaga) o‘sgan.
Qaysi yo‘nalishlarda yuqori natija qayd etildi?
Hisobotda O‘zbekiston ayrim indikatorlar bo‘yicha jahon reytingida yuqori o‘rinlarni egallagani qayd etilgan. Jumladan:
- “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” — 2-o‘rin;
- “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” — 3-o‘rin;
- “Startap va skaylaplarni moliyalashtirish” — 4-o‘rin;
- “Mehnat unumdorligi o‘sishi” — 7-o‘rin.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston GII reytingiga ilk bor 2015-yilda qo‘shilgan bo‘lib, 141 ta mamlakat orasida 122-o‘rinni egallagan. Mamlakatimiz 2025-yilda 139 ta mamlakat orasida 79-o‘rindan joy olgan.
Avvalroq, dunyoning 2 016 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etgan “UI GreenMetric 2026” xalqaro reytingida Oʻzbekistonning 89 ta oliy taʼlim tashkiloti oʻz natijalarini qayd etgani haqida xabar berilgandi.
