2027/2028-oʻquv yilida 12,5 ming nafar talaba oʻqish va amaliyotni birgalikda tashkil etishi rejalashtirilmoqda

2027/2028-oʻquv yilida 12,5 ming nafar talaba oʻqish va amaliyotni birgalikda tashkil etishi rejalashtirilmoqda

2027/2028-o‘quv yilida dual ta’limni kengaytirish doirasida 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb etish rejalashtirilmoqda. Natijada 12,5 ming nafar talaba uchun o‘qish va amaliyotni birgalikda tashkil etish ko‘zda tutilgan.

 

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limida yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

 

Ma’lum qilinishicha, bundan uch oy avval oʻn nafar rektor Germaniyaga dual taʼlim tizimini oʻrganish uchun yuborilgan edi. Ushbu mamlakat tajribasida bitiruvchilarning 70-75 foizi oʻzi amaliyot oʻtagan korxonada ishlab qolmoqda. Taqdimotda Germaniya tajribasini mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va bu jarayonda korxonalarning kadrlar tayyorlashdagi ishtirokini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

 

Dual ta’lim

 

Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishda amaliy tajriba shakllanmoqda. Jumladan, Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada dual taʼlim asosida amaliyot oʻtamoqda. Davlat rahbari barcha rektorlarni Andijonga yuborib, ushbu tajribani joyida oʻrganishni topshirdi. Germaniyada boʻlgan rektorlar hududlar hokimlariga biriktirilib, dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha aniq strategiya va ilmiy asoslangan takliflar tayyorlaydi.

 

Uchinchi va toʻrtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, yaʼni 185 ming nafar yoshni dual taʼlim bilan qamrab olish maqsadi belgilandi. Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga ustuvorlik berish taklif etilmoqda. 2027/2028-oʻquv yilida ushbu shakldagi taʼlimga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilib, 12,5 ming nafar talaba uchun oʻqish va amaliyotni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.

 

2027/2028-oʻquv yilida 12,5 ming nafar talaba oʻqish va amaliyotni birgalikda tashkil etishi rejalashtirilmoqda

 

Yangi modelda oliygoh, korxona va talaba oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yoʻlga qoʻyiladi. Oʻquv dasturi korxona ehtiyojiga moslashtirilib, talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi. Amaliyot oʻqish bilan bir vaqtda yoki soha xususiyatidan kelib chiqib alohida davrda tashkil etilishi mumkin.

 

Talabalarni amaliyotga qabul qilgan, ular uchun oʻqish sharoitini yaratgan va keyinchalik ishga joylagan korxonalarni ragʻbatlantirish choralari ham taqdimot qilindi.

 

Xususan, talabaga toʻlangan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona toʻlovlari va amortizatsiya boʻyicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qoʻllash taklif qilinmoqda. Bunday qoʻllab-quvvatlashni inson omilini kamaytirgan holda raqamli platforma orqali amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

 

Shuningdek, dual taʼlimni samarali tashkil etgan korxonalar va oliygohlarni ragʻbatlantirish uchun tanlov oʻtkazish taklifi ham koʻrib chiqildi. Bunda talabalarning qamrovi, ish haqi, oʻzlashtirishi va bitiruvchilarning bandligi asosiy natija sifatida baholanadi.

 

Lyaonin pedagogika universitetining Oʻzbekistondagi filiali faoliyati haqida

 

Taqdimot davomida Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining Oʻzbekistondagi filiali faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi. Mazkur tashabbus xitoy tilini biladigan kadrlar tayyorlash, oliygohlar, texnikumlar va maktablarda uni oʻqitishni kengaytirishga qaratilgan. Lyaonin universiteti Xitoyning pedagogika yoʻnalishidagi yetakchi oliygohlaridan biri boʻlib, ayniqsa, psixologiya, xitoy tili filologiyasi va taʼlim fanlari boʻyicha katta tajribaga ega.

 

Xiva shahrida joylashgan filialda xalqaro xitoy tili taʼlimi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sunʼiy intellekt yoʻnalishlari ochiladi. Taʼlim oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi, bitiruvchilarga Oʻzbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom beriladi. Jarayon 2026/2027-oʻquv yilida boshlanishi koʻzda tutilmoqda.

 

Filialning mahalliy oliygohlar bilan akademik hamkorligi, talabalar va pedagoglar almashinuvi hamda qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi. Xitoy tajribasi asosida texnikumlar dasturlarini takomillashtirish, informatika oʻqituvchilari uchun sunʼiy intellekt boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish ham koʻzda tutilmoqda.

 

Davlatimiz rahbari dual taʼlimni hududlardagi korxonalarning kadrlarga boʻlgan aniq ehtiyoji bilan bogʻlash, Lyaonin universiteti filialida esa taʼlim sifati va qabul jarayonlarini puxta tashkil etish zarurligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berilgan.

 

Avvalroq, taqdimot doirasida maktab darsliklari yangilanishi, yangi o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqishda Finlyandiya va Singapur tajribasi qo‘llanilayotgani haqida xabar berilgandi.