Toshkentda 13 yoshli bola suvga tushib ketgan koptokni olishga uringan vaqtida kanalga tushib ketdi. Kuchli oqimda oqib ketayotgan bolani suv bo‘yidagi restoran xodimlari qutqarib qolgan.
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi mahallalardan birida 13 yoshli maktab o‘quvchisi kanalga tushib ketgan. Bola kuchli oqimda oqib ketayotganida uni kanal bo‘yidagi restoran xodimlari ko‘rib qolgan. Xodimlardan biri bolaning ortidan suvga tushgan. Keyinchalik uning ustozi ham yordamga qo‘shilgan.
Ta’kidlanishicha, ular bolaga yetib olishga harakat qilgan vaqtida avval daraxtlardan ushlashga uringan, biroq daraxt shoxlari sinib ketgan. Shundan so‘ng suvda oqib kelayotgan singan daraxtga tayanib, bolani qirg‘oqqa olib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.
Restoran xodimining aytishicha, bola suvda talpinib, uni ham cho‘ktirib yuborishiga sal qolgan. Voqea joyiga yetib kelganlar ham bolani qutqarishga yordam bergan. Ular yuqoridan cho‘p uzatib, suvdan chiqarishga harakat qilgan.
Poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bolalar stadion yaqinida to‘p o‘ynayotgan vaqtida koptok suvga tushib ketgan. 13 yoshli bola uni olish uchun katta quvur ustiga chiqqan, biroq muvozanatini yo‘qotib, suvga tushib ketgan.
Bolaning so‘zlariga ko‘ra, u ko‘prik ostidan oqib ketayotgan vaqtida juda qo‘rqib ketgan. Suv sathi bilan ko‘prik orasidagi masofa juda tor bo‘lgani sababli nafas olishi ham qiyinlashgan. Keyinchalik yorug‘likni ko‘rib, boshini suvdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
Hammasi tugadi, deb o‘yladim. Keyin yorug‘lik ko‘rindi va darhol boshimni suvdan chiqardim. Ikki kishi suvga tushdi, yana uch kishi yuqoridan tortib chiqardi. Koptok yoki boshqa narsa suvga tushsa, oqib ketaversin. Odamning hayotidan qimmat narsa yo‘q. Meni qutqarganlari uchun rahmat, — degan u.
Voqeadan so‘ng bola shifoxonaga olib borilgan. FVBB vakili uning hozirgi ahvoli yaxshi ekanini va tibbiy nazorat ostida ekanini ma’lum qilgan.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bola o‘z vaqtida suvdan chiqarib olinmaganida, kuchli oqim uni GES tomon olib ketishi mumkin edi.
Shuningdek, bolani qutqarishda ishtirok etgan restoran ofitsiantini taqdirlash rejalashtirilmoqda.
Avvalroq, Jizzaxda 3-sinf bolani mashina urib ketishidan qutqarib qolgan 11-sinf o‘quvchisi taqdirlangani haqida xabar berilgandi.
