Umumtaʼlim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlari “1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 75 foizigacha miqdorida mukofotlanishi mumkin.
1-oktyabr munosabati bilan joriy yilda pedagog va rahbar xodimlarga 1 020 000 soʻm pul mukofoti beriladi. Bunda mukofot puli miqdorini hisoblashda oʻqituvchining oylik maoshi emas, balki mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi.
Maktablarga yangi ishga kirgan, dekret taʼtilidan qaytgan yoki mehnat taʼtilida boʻlgan pedagoglarga ham bayram munosabati bilan mukofot puli beriladimi?
Qonunchilikka koʻra, 1-oktyabr munosabati bilan beriladigan mukofot puli mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilmagan ragʻbatlantiruvchi mukofot puli sirasiga kiradi.
Yaʼni, ushbu mukofot puli xodimning maʼlum bir koʻrsatkich yoki shartlarga erishganligi uchun emas, balki bayram sanalari, muayyan voqealar va yubileylar va boshqalar yuz berganligi uchun toʻlanadigan pul sifatida belgilangan.
Ushbu turdagi qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar tizimlari va mukofotlash tizimlari jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasida belgilanadi.
Yaʼni, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda bunday qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, dekret taʼtilidan qaytgan, yangi ishga kirgan yoki mehnat taʼtilida boʻlgan xodimlarga ham 1-oktyabr munosabati bilan mukofot puli berilishi mumkin.
“Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda ham yangi ishga kirgan, dekret taʼtilidan qaytgan yoki mehnat taʼtilidagi pedagoglarga mukofot berilmasligi toʻgʻrisida qoida mavjud emas.
Shuningdek, Pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunning 13-moddasida davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amaldagi qonunchilikka muvofiq moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlari belgilanishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Mehnat kodeksining 501-moddasiga koʻra, taʼlim tashkilotlari mehnatga haq toʻlash uchun mavjud mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga hamda mehnatga haq toʻlash va uni ragʻbatlantirishning turli shakllarini qoʻllashga haqli.
Shundan kelib chiqadiki, yangi ishga kirgan, dekret taʼtilidan qaytgan yoki mehnat taʼtilida boʻlgan pedagoglarga ham mukofot puli berish mumkin.
