Talabalar uchun elektron talabalik guvohnomalari tayyorlandi. Endilikda ular MyGov ilovasi orqali guvohnomasini elektron shaklda yuklab olib, undan transport va qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozlardan foydalanishda foydalanishi mumkin.
Barcha talabalarning elektron talabalik guvohnomalari tayyorlandi. Avvalroq xabar berilganidek, 2025-yil 1-iyuldan talabalik guvohnomasining elektron shakli ham tan olinadi.
Guvohnomani olish uchun talabalar MyGov ilovasidan foydalanishlari mumkin.
Elektron talabalik guvohnomasini yuklab olish uchun quyidagi bosqichlarni bajarish lozim:
- avvalo MyGov ilovasini Play Market yoki App Store orqali yuklab olish;
- ilovaga kirib, shaxsiy profilingizni ochish;
- “Profil” bo‘limiga o‘tish;
- elektron hujjatlar orasidan “Talabalik guvohnomasi”ni topish;
- guvohnomani telefoningizga yuklab olib, saqlab qo‘yish.
Elektron guvohnomadan talabaning talabalik maqomini tasdiqlash uchun foydalanish mumkin. Shuningdek, u talabalar uchun qonunchilikda belgilangan qator imtiyozlardan foydalanishda qo‘l keladi.
Jumladan, elektron talabalik guvohnomasi orqali avtobus, metro, poyezd va samolyot chiptalarini imtiyozli (chegirma) narxlarda xarid qilish imkoniyatidan foydalanish mumkin.
