Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Universitetda tanlangan yo‘nalish insonning kelajakdagi kasbini har doim ham belgilab bermaydi. Bunga mashhur aktyorlar, musiqachilar va moda sohasi vakillarining hayoti misol bo‘la oladi.

 

Universitetga kirishda ko‘pchilik yoshlar kelajakdagi kasbini belgilaydigan muhim tanlov oldida turadi. Ayrimlar tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha faoliyatini davom ettirsa, boshqalar vaqt o‘tishi bilan o‘z qiziqishi va qobiliyatini boshqa sohada namoyon etadi. Ba’zan esa universitetda olingan bilim va tajriba kutilmagan kasbiy yo‘l uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

 

Dunyoga mashhur insonlar orasida ham universitetda bir yo‘nalishda tahsil olib, keyinchalik mutlaqo boshqa sohada katta muvaffaqiyatga erishganlar ko‘p. Ularning hayot yo‘li kasb tanlash har doim ham bir martalik va o‘zgarmas qaror emasligini Talimxabarlari.uz jamoasi tayyorlagan maqolada ko’rishingiz mumkin.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Rouen Atkinson — elektrotexnika muhandisidan Mister Bingacha

 

“Mister Bin” obrazi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan britaniyalik aktyor va komik Rouen Atkinson universitetda elektr va elektron muhandislik bo‘yicha tahsil olgan.

 

U Nyukasl universitetida muhandislik bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. Keyinchalik Oxford universitetida magistratura bosqichida o‘qigan.

 

Atkinsonning o‘zi ham muhandislikni shunchaki tasodifan tanlamaganini aytgan. U bu sohaga qiziqqan va agar aktyorlik bilan shug‘ullanmaganida, muhandis bo‘lib ishlashidan mamnun bo‘lishini ta’kidlagan.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Bred Pitt — Gollivud yulduziga aylangan jurnalist

 

Gollivudning eng yorqin yulduzlaridan biri bo’lgan Bred Pittning universitetdagi yo‘nalishi ham uning keyingi faoliyatidan ancha farq qiladi.

 

Pitt Missuri universitetida jurnalistika, aniqrog‘i reklama yo‘nalishida tahsil olgan. U universitetda o‘qib yurgan paytida talabalar tomoshalarida ham ishtirok etgan.

 

Biroq diplom olishiga atigi ikki hafta qolganida universitetni tark etib, aktyorlik darslarini olish uchun Los-Anjelesga ko‘chib ketgan. Keyinchalik u Gullivudning eng taniqli aktyorlaridan biriga aylandi.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Ken Jong — tibbiyotdan komediyagacha

 

Ken Jongning hikoyasi bundan ham noodatiy. U avval tibbiyot sohasida tahsil olib, keyinchalik shifokor bo‘lib ishlagan.

 

Jong Dyuk universitetida bakalavr darajasini olgan, keyin Shimoliy Karolina universitetida tibbiyot bo‘yicha o‘qigan. Rezidenturadan so‘ng ham bir muddat shifokorlik faoliyatini davom ettirgan.

 

Ammo u universitet davridayoq aktyorlik bilan shug‘ullana boshlagan. Keyinchalik komediya va aktyorlikni tanlab, 50 dan ortiq filmlarda suratga tushib mashhur bo‘ldi.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Brayn Mey — afsonaviy gitarachi va fizika fanlari doktori

 

“Bohemian Rhapsody”, “We Will Rock You”, “We Are the Champions” va boshqa qo’shiqlari bilan ko’pchilikka tanish “Queen” guruhining gitarachisi Brayn Meyning universitetdagi yo‘nalishi esa fizika va astronomiya bo‘lgan.

 

Mey Londondagi Imperial kollejida o‘qigan va 1968-yilda bakalavr darajasini olgan. U astronomiya bo‘yicha doktorlik tadqiqotlarini ham boshlagan, biroq “Queen” guruhining muvaffaqiyati sabab ilmiy faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.

 

Oradan yillar o‘tib, Mey doktorlik tadqiqotlariga qaytdi va 2007-yilda PhD darajasini oldi. Shunday qilib, u bir vaqtning o‘zida ilm-fan va rok musiqasi bilan bog‘liq faoliyati bilan tanilgan.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Natali Portman — Garvardda o’qishni va aktrisalikni tengma-teng davom ettirgan

 

“Qora oqqush” va “Yulduzlar jangi” filmlaridagi rollari bilan tanilgan Natali Portman Garvardda psixologiya bo‘yicha tahsil olgan. U 1999–2003-yillarda Garvardda o‘qib, psixologiya bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. Bu davrda u aktrisalik faoliyatini ham davom ettirgan.

 

Portman keyinchalik kino sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishdi va faoliyati uning asosiy professional yo‘nalishiga aylandi.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Jek Ma — milliarder ingliz tili o’qituvchisi

 

Alibaba asoschisi Jek Ma universitetda biznes yoki IT emas, ingliz tili bo‘yicha tahsil olgan. U o‘sha paytdagi Xanjou o‘qituvchilar institutida ingliz tili yo‘nalishida o‘qib, 1988-yilda bakalavr darajasini olgan.

 

Oliygohni tamomlagach, Ma bir necha yil ingliz tili va xalqaro savdo fanlaridan dars bergan. 1995-yilda esa internet bilan tanishib, dastlab “China Pages” loyihasini boshlagan. 1999-yilda esa “Alibaba”ni tashkil etgan.

 

Shunday qilib, ingliz tili o‘qituvchiligidan boshlangan faoliyat uni keyinchalik dunyodagi taniqli biznesmenlardan biriga aylantirdi.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

 

Arnold Shvartsnegger — biznes va iqtisoddan «Terminator»gacha

 

Arnold Shvartsneggerning universitetdagi ta’limi uning eng mashhur faoliyatlaridan — kino va bodibildingdan ancha farq qiladi.

 

Arnold “University of Wisconsin–Superior”da biznes boshqaruvi va xalqaro iqtisod yo‘nalishida bakalavr darajasini olgan. U universitetni 1979-yilda tamomlagan. Ta’limining katta qismi sirtqi va yozishmalar orqali olib borilgan.

 

Qizig‘i, Shvartsnegger universitetga o‘qishga kirgan paytda allaqachon professional bodibilder sifatida katta muvaffaqiyatlarga erishgan edi. Keyinchalik u bodibildingdagi faoliyatini davom ettirib, Gollivud aktyori sifatida ham dunyoga tanildi. Uning rasmiy biografiyasida bodibilder, aktyor va biznesmen sifatidagi faoliyati qayd etilgan.

 

Shunday qilib, uning diplomidagi yo‘nalish biznes va xalqaro iqtisod, dunyoga tanilgan asosiy faoliyatlari esa bodibilding va kino bo‘ldi.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Stiv Jobs — universitetni tashlab, texnologiya olamini o‘zgartirdi

 

“Apple” kompaniyasining asoschilaridan biri Stiv Jobs ham an’anaviy universitet ta’limini to‘liq tugatmagan mashhur insonlardan biri.

Jobs 1972-yilda Oregon shtatidagi “Reed College”ga o‘qishga kirgan. Biroq u yerda atigi bir semestrdan so‘ng rasmiy ta’limni tark etgan. Shunga qaramay, universitetni tashlaganidan keyin ham ayrim mashg‘ulotlarda qatnashishda davom etgan. U, xususan, kalligrafiya kursiga qiziqqan. Keyinchalik Jobs bu mashg‘ulotlar uning faoliyatida kutilmagan tarzda asqatganini aytgan. Kalligrafiyaga bo‘lgan qiziqishi keyinchalik “Apple” mahsulotlaridagi shriftlar va dizayn qarashlariga ta’sir ko‘rsatgan.

 

1976-yilda Stiv Jobs Stiv Vozniak va Ronald Ueyn bilan birgalikda “Apple” kompaniyasiga asos solgan. Keyinchalik Apple Macintosh, iPod, iPhone va boshqa mahsulotlari bilan texnologiya sanoatidagi eng taniqli kompaniyalardan biriga aylandi.

 

Shunday qilib, Stiv Jobs universitetda ma’lum bir mutaxassislikni tugatmagan bo‘lsa-da, o‘z qiziqishlari va mustaqil o‘rganishi orqali texnologiya va biznes tarixidagi eng taniqli shaxslardan biriga aylandi.

 

Universitetda bir sohani o‘qib, boshqa sohada mashhur bo‘lgan insonlar

Miuchchia Prada — siyosatshunoslikdan moda olamigacha

 

“Prada” moda uyining eng taniqli ijodkorlaridan biri Miuchchia Prada universitetda siyosatshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. U Milan universitetida siyosatshunoslik diplomini olgan. Shundan keyin oilaviy biznesda dizayn bilan shug‘ullana boshlagan va asta-sekin moda sohasidagi faoliyatini rivojlantirgan.

 

Bugun esa Miuchchia Prada dunyo moda sanoatining eng taniqli vakillaridan biri sifatida tanilgan. “Prada Group” ma’lumotlariga ko‘ra, uning rahbarligi ostida kompaniya xalqaro miqyosdagi yirik “Luxury” kompaniyalardan biriga aylangan.

 

Yuqoridagi misollar shuni ko‘rsatadiki, universitetda tanlangan yo‘nalish insonning butun professional hayotini qat’iy belgilab bermaydi. Rouen Atkinson, Bred Pitt, Ken Jong, Brayn Mey, Natali Portman, Jek Ma, Arnold Shvartsnegger, Stiv Jobs va Miuchchia Prada kabi mashhur shaxslarning faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ular muhandislik, jurnalistika, tibbiyot, fizika, psixologiya, ingliz tili, iqtisod, siyosatshunoslik kabi turli sohalarda tahsil olgan bo‘lsalar-da, keyinchalik aktyorlik, musiqa, biznes, texnologiya yoki moda sohalarida tanilgan.

 

Bu hikoyalar universitetdagi ta’limning ahamiyatsizligini emas, aksincha, bilim va ko‘nikmalar turli sohalarda qo‘llanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Muhimi, inson o‘z qiziqishi, qobiliyati va imkoniyatlarini anglab, yangi yo‘nalishlarni o‘rganishdan qo‘rqmasligi. Diplom kasbiy faoliyatning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi mumkin, ammo insonning kelajakdagi imkoniyatlarini faqat diplomdagi mutaxassislik bilan cheklab bo‘lmaydi.

 

Dunyoning nufuzli universitetlarida talabalar hayotiga singib ketgan o‘ziga xos va noodatiy an’analar mavjud. Maqolada ayrimlari g‘alati, ayrimlari esa qiziqarli tuyuladigan an’analar haqida so’z yuritamiz.