Oliy ta’limda uzoq yillardan beri shakllangan an’anaviy model o‘zgarib bormoqda. Ko‘plab mamlakatlarda bakalavr bosqichini odatdagi to‘rt yil emas, uch yilda tamomlash imkonini beruvchi dasturlarga qiziqish ortmoqda.
An’anaviy bakalavr dasturida talaba odatda to‘rt yil davomida mutaxassislik fanlari, tanlov fanlari, umumiy ta’lim kurslari va boshqa mashg‘ulotlarni o‘zlashtiradi. 3 yillik bakalavr dasturlarida esa shu ta’lim jarayoni qisqaroq muddatga moslashtiriladi.
Masalan, AQShdagi yangi dasturlarning ayrimlarida an’anaviy 120 kredit o‘rniga 90 kredit bilan bakalavr darajasini olish imkoniyati yaratilmoqda.
Bu shunchaki bir o’quv yilini qisqartirish degani emas. Bunda universitetlar qaysi bilim va ko‘nikmalar mutaxassislik uchun eng zarurligini aniqlab, o‘quv dasturini qayta ko‘rib chiqishadi.
Nega 3 yillik ta’limga ehtiyoj paydo bo‘ldi?
Buning asosiy sabablaridan biri — oliy ta’lim narxining oshib borishi. Talaba universitetda bir yil kamroq o‘qisa, nafaqat kontrakt yoki o‘qish to‘lovini, balki turar joy, transport, ovqatlanish va boshqa kundalik xarajatlarni ham tejashi mumkin. Bundan tashqari, u mehnat bozoriga bir yil oldin kirib, daromad topishni boshlaydi.
Masalan, oilasini ta’minlashi kerak bo‘lgan yoki o‘qish bilan birga ishlaydigan talabalar uchun qo‘shimcha bir yil katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Yana bir muhim jihat — mehnat bozorining tez o‘zgarayotgani. Ayrim kasblarda universitetda olti-yetti yil oldin olingan bilimlarning bir qismi qisqa vaqt ichida eskirishi mumkin. Shu sababli ayrim ta’lim muassasalari talabaga imkon qadar qisqa vaqt ichida asosiy bilim va amaliy ko‘nikmalarni berib, uni ishga tayyorlashga intilmoqda.
Aslida uch yillik bakalavr modeli dunyoning ayrim mamlakatlarida allaqachon keng tarqalgan. Masalan, Buyuk Britaniya, Hindiston, Fransiya va Italiya kabi davlatlarda ko‘plab bakalavr dasturlari uch yilga mo‘ljallangan. Ya’ni to‘rt yillik bakalavr butun dunyoda yagona standart emas. Buyuk Britaniyada bakalavrning uch yil davom etishi uzoq vaqtdan beri odatiy hol hisoblanadi. Talaba o‘z mutaxassisligiga ancha erta ixtisoslashadi va universitetni tugatgach, ishga yoki keyingi bosqich — magistraturaga o‘tishi mumkin. Shuningdek universitetlar mutaxassislikka bevosita aloqasi bo‘lmagan yoki takrorlanadigan fanlarni qisqartirib, asosiy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ko‘proq e’tibor qaratishga imkon beradi. Shu sababli boshqa mamlakatlarning tajribasi ham to‘rt yillik modelni qayta ko‘rib chiqayotgan ta’lim tizimlari uchun qiziq bo‘lmoqda.
Ammo uch yillik bakalavrning kamchiliklari ham bor
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tibbiyot, muhandislik, pedagogika kabi ko‘plab amaliy mashg‘ulot va professional tayyorgarlik talab qiladigan sohalarda o‘quv muddatini qisqartirish murakkab. Bundan tashqari, o‘quv dasturi keragidan ortiq qisqartirilsa, talaba keng qamrovli bilim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Tanlov fanlarining kamayishi esa talabaning turli sohalarni sinab ko‘rish imkoniyatini kamaytiradi.
Yana bir muammo — 3 yillik diplomning ish beruvchilar va boshqa universitetlar tomonidan qanday qabul qilinishi. Ayniqsa, magistratura yoki professional litsenziya talab qilinadigan kasblarda qo‘shimcha kredit yoki fanlarni o‘qish zarurati paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun 3 yillik bakalavrning muvaffaqiyati faqat ta’lim muddatini qisqartirishga emas, balki qaysi fanlar qisqartirilayotgani va talaba buning evaziga nimani yo‘qotishi yoki qo‘lga kiritishiga bog‘liq.
Ta’limning kelajagi qisqaryaptimi?
Amerikalik mutaxassislar ta’kidlashicha, 3 yillik bakalavr dasturlarining ko‘payishi aslida “talabalar kamroq o‘qishi kerak” degan fikrdan ko‘ra, “universitetda qancha vaqt o‘qish kerak?” degan savolning qayta ko‘rib chiqilayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda oliy ta’limning asosiy maqsadi faqat ma’lum miqdordagi kreditni to‘plash emas, balki talabaga kerakli bilim, ko‘nikma va tajribani berishdan iborat. Agar buni sifatni pasaytirmagan holda uch yilda amalga oshirish mumkin bo‘lsa, nega to‘rt yil kutish kerak?
Shu bilan birga, uch yillik model barcha universitetlar va barcha mutaxassisliklar uchun universal yechim bo‘la olmaydi. Eng muhimi — ta’lim muddatini emas, ta’lim sifatini o’rtaga qo‘yish.
Bugun dunyoning turli mamlakatlarida aynan shu savol muhokama qilinmoqda: talaba universitetda uzoqroq vaqt o‘tkazishi muhimmi yoki qisqaroq muddatda, ammo mehnat bozorida talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalarni egallashi muhimmi? 3 yillik bakalavr dasturlarining ommalashuvi esa bu savolga javob izlash jarayoni boshlanganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot o’rnida, Qo’shma shtatlardagi maktablarda o’qituvchilar sun’iy intellektni o’rganuvchi yangi o’quv dasturi tayyorlayotgani haqida xabar bergan edik.
