Maktab oshxonalarida o‘quvchilarga taqdim etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya talablari asosida nazorat qilinadi. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, mayonez va ketchup qo‘shilgan fast-fudlar, chipslar, gazlangan ichimliklar, energetik ichimliklar, ayrim qandolat mahsulotlari hamda sifati talabga javob bermaydigan oziq-ovqatlarni maktablarda sotishga ruxsat berilmaydi.
“O‘zbekiston” radiosidagi eshittirishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Dilfuza Hikmatova maktab oshxonalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etish, oshxonalarda ishlaydigan xodimlarga qo‘yiladigan talablar hamda taqiqlangan mahsulotlar haqida ma’lumot berdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishda ularning yosh xususiyatlari hisobga olinishi, taomlar esa sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq tayyorlanishi kerak.
Yaqinda Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasining Yashnobod tumani bo‘limi xodimlari murojaat asosida 156-sonli maktab oshxonasida o‘rganish ishlarini olib borgan. Shuningdek, Olmazor tumanidagi 134-sonli ta’lim muassasasida epidemiologik ko‘rsatkich asosida nazorat o‘tkazilgan.
Nazoratlar davomida maktab oshxonalarida sotilishi taqiqlangan ayrim mahsulotlar, jumladan, mayonez va ketchup qo‘shilgan mahsulotlar, rangli va gazlangan ichimliklar, saqich, qotirilgan non hamda ayrim qandolat mahsulotlari sotilayotgani aniqlangan. Ushbu mahsulotlar belgilangan tartibda brakeraj qilingan.
“Brakeraj qilish” — bu oziq-ovqat mahsulotlari yoki tayyor taomlarning sifatini, xavfsizligini va iste’molga yaroqliligini tekshirish va baholash degani.
Sanepidqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, maktab hududida tashkil etilgan brakeraj komissiyasi oshxonaga sotish uchun olib kelingan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqishi va taqiqlangan mahsulotlarni savdodan chiqarishi kerak.
Maktab oshxonasida nimalar sotilishi mumkin?
Dilfuza Hikmatovaning aytishicha, o‘quvchilar uchun sabzavot va mevalardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, dukkaklilar, ayrim sharbatlar, choy, kakao, non, yorma va makaron mahsulotlari kabi oziq-ovqatlarni iste’mol qilishga ruxsat beriladi.
O‘quvchilarimiz iste’mol qilishi uchun sabzavotlardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, mevalar, dukkakli mahsulotlar, ya’ni no‘xat, loviya, mosh singari mahsulotlar tavsiya etiladi. Sharbatlar esa imkon qadar kichik qadoqda bo‘lishi, konservantlar va qo‘shimcha moddalarsiz ishlab chiqarilganiga e’tibor qaratilishi kerak. Go‘shtli suyuq ovqatlar, mol go‘shtli karom sho‘rva, mol go‘shtli grechka kabi tabiiy mahsulotlar bo‘lmaganda istisno tariqasida berilishiga ruxsat beriladi. Sharbatlar, meva bo‘laklari, baqlajon va qovoq chekrasi kabi sterillangan bodringlar, non, yorma, makaron mahsulotlarini barcha turlari cheklanmagan miqdorda iste’molga berilishi mumkin, — dedi u.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, maktab oshxonalarida oziq-ovqat tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga ham qator talablar qo‘yiladi.
Maktab oshxonalarida, albatta, oshpazlik bilim va malakasiga ega, diplomi bor xodimlar bo‘lishi talab etiladi. Oshpazlik bo‘yicha umumiy ovqatlanish korxonalarida kamida uch yil ishlagan bo‘lishi lozim. Shuningdek, oshpazlar tibbiy kitobcha bilan ta’minlangan bo‘lishlari va sanitariya qoidalari, me’yor hamda talablarini mukammal bilishlari kerak, — deydi mutaxassis.
Maktab oshxonalarida nimalarni sotish mumkin emas?
Maktab o‘quvchilarining ovqatlanishida mayonez, ketchup va turli o‘tkir souslar, gamburger, chizburger va hot-dog kabi mahsulotlar, chipslar, kirieshki va boshqa tez tayyorlanadigan mahsulotlar, rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar hamda energetik ichimliklardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, tarkibida sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar va konservantlar mavjud ayrim qandolat mahsulotlari, kremli qandolat mahsulotlari, tort va pishiriqlar, uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqatlar ham maktab oshxonalarida sotilishi mumkin emas.
Yaroqlilik muddati tugagan yoki sifatsiz mahsulotlar, bir kun oldin tayyorlanib qolib ketgan ovqatlar, sifati buzilgan sabzavotlar, veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq va parranda mahsulotlari, shuningdek, talabga javob bermaydigan tuxum va konserva mahsulotlarini ham o‘quvchilarga sotish taqiqlangan.
Danakli mevalarning magizi, saqich, qimiz, tarkibida etanol bo‘lgan 0.5 foizdan ortiq boshqa achitilgan sutli mahsulotlar, ustiga sardak solingan go‘shtli va baliqli taomlar, qiyma yoki ezilgan seld balig‘idan kartoshka qo‘shib tayyorlangan oziq-ovqatlar, meva va rezavorlardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar, akaroshka va sovuq sho‘rvalar, qiymali makaron, to‘g‘ralgan tuxum makaron, makaron paflotski, yog‘da qovurilgan tuxum, pashtet, quymoqlar, tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqatlar konsentrantlari asosida birinchi va ikkinchi taomlar umumta’lim maktablarida sotilishiga ruxsat berilmaydi, — ta’kidladi bo‘lim mudiri.
Bundan tashqari, qo‘lbola qatiq, qo‘ziqorin va undan tayyorlangan mahsulotlar, kvas, tabiiy kofe, energetik ichimliklar, margarin va boshqa gidrogen yog‘lar, saqich, achchiq ziravorlar, marinadlangan sabzavot va mevalar, mayonez, ketchup hamda ayrim tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari ham taqiqlangan mahsulotlar qatoriga kiradi.
Maktab oshxonalari qanday nazorat qilinadi?
Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida joylashgan umumta’lim maktablarida olib borilayotgan sanitariya nazoratini 1 yillik tekshiruv reja-jadvallarini maktab, maktabgacha ta’lim tuman bo‘limlari bilan kelishilgan ro‘yxat asosida tashkil etiladi. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini sanitariya qoidalari va normalari, gigiyena normativlari asosida tartibga solinadi. Bu normalar bolaning yosh xususiyatini inobatga olgan holda faqatgina tabiiy oziq-ovqat iste’molini nazarda tutadi. Yarim tayyor fast-fudlar bolalarga zarur bo‘lgan vitaminlarni olishga to‘sqinlik qiladi.
Bu tekshiruvlar rejali tekshiruvlar, shuningdek, rejadan tashqari tekshiruvlarimiz ham mavjud. Ayrim noxush holatlar yoki shikoyatlar kelib tushgan vaqtda, yoxud umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida qandaydir kasallik holatlari qayd etilganda tashkilotimiz xodimlari tomonidan sanitariya nazorati olib boriladi, — dedi Dilfuza Hikmatova.
Mutaxassislarning qayd etishicha, maktab oshxonalaridagi talablarning asosiy maqsadi o‘quvchilarni xavfsiz va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashdan iborat. Bolalar va o‘smirlarning ovqatlanishida tabiiy va yosh xususiyatlariga mos mahsulotlardan foydalanish muhim hisoblanadi.
Sanepidqo‘mita mutaxassislariga ko‘ra, yarim tayyor fast-fud mahsulotlari bolalar uchun zarur bo‘lgan vitamin va foydali moddalarning yetarli darajada olinmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishi sanitariya qoidalari va gigiyena normativlari asosida tashkil etilishi lozim.
