OTM talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarni egallamayotganini qayd etgan

OTM talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarni egallamayotganini qayd etgan

Xorazm viloyatida bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha taqdimotda oliy ta’lim talabalari uchun amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. So‘rovlarda OTM talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarni egallamayotganini bildirgani qayd etildi.

 

20-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati misolida mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimot davomida bandlik sohasidagi asosiy muammolardan biri mavjud vakansiyalar bilan ish izlovchilarning kasbiy tayyorgarligi o‘rtasidagi tafovut ekani qayd etildi. Hozirda viloyatda 50 mingdan ziyod vakansiya mavjud bo‘lsa-da, zarur malakaga ega kadrlar yetishmasligi sababli ularning bir qismi bo‘sh qolmoqda.

 

Shu munosabat bilan kasb-hunarga o‘qitish tizimini mehnat bozori ehtiyojlari bilan yanada yaqinlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

 

O‘tkazilgan so‘rovlarda oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmayotganini bildirgan.

 

Shu sababli o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining mavjud imkoniyatlaridan kasbga o‘rgatishda keng foydalanish vazifasi qo‘yildi.

 

Bundan tashqari, universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarning kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

 

Taqdimotda Xorazmda yil yakuniga qadar 39 ming nafar ishsiz fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash, 18 mingta kam ta’minlangan oiladagi 81 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish rejalari ham bayon qilindi.

 

‘‘Bular oddiy raqamlar emas. Har bir insonga alohida yondashib, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz, shundan kelib chiqib, munosib ish topib berishimiz kerak’’, – dedi Prezident.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 162 ming nafar aholining daromadi oshirilgan, 29 ming kishi doimiy ishga joylashtirilgan va 37 ming nafar fuqaroning norasmiy bandligi qonuniylashtirilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish