2026-yilda ehtiyojmand xotin-qizlar uchun ayrim yo‘nalish va hududlarda o‘tish ballari sezilarli darajada oshdi. Eng katta o‘sish Sirdaryoda texnika yo‘nalishida qayd etilib, o‘tish bali 49,2 ballga ko‘tarilgan.
Bilim va malakalarni baholash agentligining mandat.uzbmb.uz saytida imtiyozli toifadagi abituriyentlar, jumladan, tavsiyanoma olgan ehtiyojmand xotin-qizlar uchun 2026-yilgi o‘tish ballari e’lon qilindi.
Eng katta farq Sirdaryo viloyatida texnika sohasi uchun bo‘lgan — 49,2 ball oshgan. 2025-yilda Sirdayo viloyati teskari rekord qo‘ygan edi, ya’ni tibbiyot sohasi uchun o‘tish bali naq 80,1 ball tushgan edi. Bu safar esa, aksincha, Sirdaryoda texnika fanlari uchun o‘tish bali 49,2 ballga ko‘tarilgan.
Joriy yilda ayrim hudud va yo‘nalishlarda o‘tish ballari o‘tgan yilga nisbatan keskin oshgan. Xususan:
- Sirdaryo (texnika) — 49,2 ballga;
- Toshkent (tibbiyot) — 44,5 ballga;
- Samarqand (texnika) — 34,1 ballga;
- Namangan (texnika) — 32 ballga;
- Surxondaryo (texnika) — 31,1 ballga;
- Navoiy (tibbiyot) — 28,1 ballga oshgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda o‘tish ballari pasaygan. Eng katta pasayish Jizzax viloyatining tibbiyot yo‘nalishida qayd etilgan — 31,1 ballga. O‘tgan yili mazkur yo‘nalishda o‘tish bali 119,1 ball bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 88 balldan yuqori natija qayd etgan 63 nafar jizzaxlik xotin-qiz grant asosida o‘qishga tavsiya etilgan.
O‘tish ballari eng ko‘p pasaygan boshqa hudud va yo‘nalishlar:
- Toshkent (texnika) — 29,8 ballga;
- Toshkent viloyati (tibbiyot) — 27,1 ballga;
- Qoraqalpog‘iston (tibbiyot) — 26,6 ballga.
Tavsiyanoma ball qo‘shib bermaydi
Tavsiyanoma olgan xotin-qizlar orasida “imtiyoz sababli ballga qo‘shimcha 4 foiz qo‘shiladi” degan tushuncha mavjud. Biroq mazkur tavsiyanoma abituriyentning test natijasiga qo‘shimcha ball bermaydi.
Shuningdek, tavsiyanomaga ega bo‘lish abituriyentning avtomatik ravishda talabalikka tavsiya etilishini anglatmaydi. Abituriyent tegishli yo‘nalish bo‘yicha belgilangan o‘tish balini to‘plashi kerak.
Ya’ni, tavsiyanoma olgan xotin-qizlarga imtiyoz qo‘llanishi uchun ham abituriyentning to‘plagan bali tegishli hudud va yo‘nalish bo‘yicha shakllangan o‘tish balidan kam bo‘lmasligi talab etiladi.
Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yili qabuli uchun ehtiyojmand oilalarning xotin-qizlariga kunduzgi ta’limda davlat granti asosida 4 mingta qo‘shimcha kvota ajratilgani haqida xabar bergan edik.

