Oliy ta’lim muassasalariga kira olmagan abituriyentlar uchun ham o‘qishni davom ettirish imkoniyatlari mavjud. Jumladan, vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlovda qatnashish, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish, qo‘shma ta’lim dasturlariga kirish, nodavlat yoki xorijiy oliygohlarda tahsil olish hamda texnikumga hujjat topshirish mumkin.
2026/2027 o‘quv yili oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha yakuniy natijalarda talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar mavjud.
Vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov
Davlat oliy ta’lim tashkilotlarida bo‘sh (vakant) qolgan o‘rinlar tanlovida ikki toifadagi abituriyentlar ishtirok etishi mumkin.
Birinchi toifaga test sinovlarida 56,7 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan, biroq kvota doirasida talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar kiradi.
Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlamagan abituriyentlar ham vakant o‘rinlar uchun tanlovda qatnashishi mumkin.
Super-kontrakt imkoniyati
Yana bir imkoniyat — davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, ya’ni super-kontrakt asosida o‘qish.
Vakant o‘rinlar uchun tanlov yakunlangach (taxminan 1 haftadan so‘ng), super-kontrakt bo‘yicha ariza topshirish platformasi ochiladi va aniq ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Qo‘shma ta’lim dasturlari
Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari orqali ham tahsil olish mumkin.
Bunday dasturlarga qabul jarayoni har bir oliy ta’lim tashkiloti tomonidan alohida tashkil etiladi. Shu sababli abituriyentlarga tegishli oliygohlarning rasmiy saytlari orqali qabul shartlari va muddatlarini aniqlashtirish tavsiya etiladi.
Nodavlat oliygohlarda o‘qish
Abituriyentlar litsenziyaga ega nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida ham tahsil olishlari mumkin. Bunday oliygohlarda qabul jarayonlari muassasaning o‘zi tomonidan tashkil etiladi va berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qabul sentyabr oyi oxirigacha davom etadi.
Xorijiy oliygohlar va ularning filiallari
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari filiallari yoki xorijdagi oliygohlarda o‘qishni davom ettirish ham mumkin.
Bunda qabul talablari, imtihonlar va hujjat topshirish muddatlari har bir oliygoh tomonidan alohida belgilanadi. Qabul jarayonlari sentyabr oyi oxirigacha davom etadi.
Texnikum — yana bir yo‘l
Oliy ta’limga bu yil kira olmaganlar uchun texnikumlarda o‘qish ham muqobil variantlardan biri hisoblanadi.
Texnikumlarda 2–2,5 yil davomida zamonaviy kasb-hunar egallash mumkin. Bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mehnat bozoriga kirishi yoki a’lo baholar bilan tamomlagan taqdirda, suhbat asosida oliy ta’lim tashkilotlarining 2-kursidan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega.
Texnikumlarga qabul 10-avgustdan boshlangan bo‘lib, hujjatlarni 10-sentyabrgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirish mumkin.
Shunday qilib, bu yil oliy ta’limga tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun o‘qishni davom ettirishning bir nechta yo‘li mavjud. Eng muhimi, tanlanadigan ta’lim shaklining talablari, qabul muddati va moliyaviy shartlarini oldindan aniqlashtirishdir.
Avvalroq, Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 15-avgustdan 24-avgustgacha apellyatsiya arizasi topshirishlari mumkinligi haqida xabar bergan edik.
