Ertaga texnikum bitiruvchilarini OTMga suhbat asosida qabul qilish uchun roʻyxatdan oʻtish yakunlanadi

Ertaga texnikum bitiruvchilarini OTMga suhbat asosida qabul qilish uchun roʻyxatdan oʻtish yakunlanadi

Ertaga 25-iyul kuni texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichiga yakka tartibdagi suhbat asosida qabul qilish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtish yakunlanadi. Hujjatlar my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinmoqda.

 

Xabaringiz bor, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga yakka tartibdagi suhbat asosida qabul qilish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtish 5-iyuldan boshlangan edi.

 

Talabgorlar 25-iyul (shu kuni ham) qadar my.edu.uz platformasi orqali hujjat topshirishi mumkin.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z mutaxassisligiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat asosida oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichiga qabul qilinadi.

 

Biroq ushbu tartib oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

 

Kimlar hujjat topshirishi mumkin?

 

Ushbu imkoniyatdan butun o‘qish davrida fanlarni asosan ‘‘4’’ va ‘‘5’’ baholarga o‘zlashtirgan hamda baholarining kamida 50 foizi ‘‘5’’ bo‘lgan texnikum bitiruvchilari foydalanishi mumkin.

 

Tibbiyot yo‘nalishlarida esa ‘‘a’lo’’ baholar ulushi kamida 85 foizni tashkil etishi lozim.

 

Shuningdek, ushbu imtiyoz texnikumni tamomlagan kundan boshlab ikki yil davomida amal qiladi. Ikki yildan oshgan bitiruvchilar yoki belgilangan talablarga javob bermaydigan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga umumiy tartibda qabul qilinadi.

 

Suhbatda nimalar so‘raladi?

 

Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular boʻyicha bittadan jami toʻrtta savol beriladi:

 

  • mamlakatda oʻz sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish);
  • shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (oʻqishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, masʼuliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi,
    shuningdek, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
  • tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi sohasidagi bilim va kasbiy koʻnikmalarning mavjudligi.

 

Jami toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.

 

Suhbat komissiyasi a’zolari qo‘ygan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball va undan yuqori bo‘lsa, talabgor suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.

 

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar oliy ta’lim muassasasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 2-bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Ma’lumot uchun, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi e’lon qilgan statistikaga ko‘ra, 24-iyul soat 12:30 holatiga texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni OTMlarga yakka tartibdagi suhbat asosida o‘qishga qabul qilish uchun jami 5 615 ta ariza kelib tushgan.

 

Ariza topshirganlarning 3 337 nafari (59,4 foiz) ayollar, 2 278 nafari (40,6 foiz) erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Farg‘ona viloyatidan qayd etilgan bo‘lib, bu hududdan 903 nafar bitiruvchi hujjat topshirgan. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (722 nafar), Namangan viloyati (670 nafar), Xorazm viloyati (511 nafar) hamda Jizzax viloyati (481 nafar) bormoqda.

 

Shuningdek, Toshkent viloyatidan 417 ta, Buxoro viloyatidan 331 ta, Surxondaryo viloyatidan 318 ta, Qashqadaryo viloyatidan 279 ta, Qoraqalpog’istondan 272 ta, Navoiy viloyatidan 238 ta, Samarqand viloyatidan 207 ta, Sirdaryo viloyatidan 179 ta va Toshkent shahridan 87 ta ariza kelib tushgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan texnikum bitiruvchilari o‘qishni 2-bosqichdan davom ettirishi mumkin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlangan. Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda aynan o‘z mutaxassisligiga mos yo‘nalishlarni tanlashi mumkin.