AQSHning Texas shtatidagi maktab oʻqituvchisi 17–18 yoshli oʻquvchilar oddiy oʻqish va yozish topshirigʻini bajarishda qiynalgani haqida ijtimoiy tarmoqqa video joyladi. Oʻqituvchi ushbu holatdan qattiq taʼsirlanganini bildirib, oʻquvchilarning savodxonligi yuzasidan xavotir bildirgan.
Texas shtatining Houston shahridagi Wheatley High School oʻqituvchisi Darius Williams oʻquv yilining ikkinchi kunida katta sinf oʻquvchilariga ikki paragrafdan iborat matn bilan ishlash topshirigʻini bergan.
Oʻquvchilardan matnni oʻqib, tugallanmagan gapni toʻrtta soʻz bilan toʻldirish soʻralgan. Biroq oʻqituvchining aytishicha, 17–18 yoshli ayrim oʻquvchilar topshiriqni bajarishda qiynalgan.
Oʻqituvchi topshiriqni oʻquvchilar bilan birgalikda tahlil qilganini, javobni tushuntirganini, biroq shunga qaramay ayrim oʻquvchilar gapni toʻrtta soʻz bilan toʻldira olmaganini bildirgan.
U ushbu holatdan taʼsirlanib, ijtimoiy tarmoqdagi videosida yigʻlab yuborgan va oʻquvchilarning oʻqish hamda yozish koʻnikmalaridan xavotir bildirgan.
Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, oʻqituvchining malakasi va maktabdagi taʼlim sifati yuzasidan ham muhokamalarga sabab boʻlgan. Oʻqituvchi esa oʻzining oliy maʼlumoti va pedagogik faoliyatiga oid maʼlumotlarni taqdim etgan.
Houston Chronicle nashri ham ushbu maktabdagi vaziyatni yoritgan. Unga koʻra, maktab ilgari past akademik natijalar sabab shtat nazoratiga olingan, keyinchalik esa oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichlari yaxshilangan.
Shuningdek, New York Post AQSHdagi oʻquvchilarning oʻqish savodxonligi bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlarni ham keltirgan. Unga koʻra, 2025–2026-oʻquv yilida Nyu-York shahridagi ingliz tili boʻyicha testlarda 3-sinf oʻquvchilarining 57 foizi, 4-sinf oʻquvchilarining 52 foizi va 5-sinf oʻquvchilarining 57 foizi yetarli natija koʻrsata olmagan.
Oʻqituvchi bilan bogʻliq ushbu holat AQSHda oʻquvchilarning oʻqish va yozish savodxonligi masalasi muhokama qilinayotgan bir paytga toʻgʻri kelgan.
