Angliya hukumatining yoshlar bandligi muammosiga bag‘ishlangan hisobotida o‘qituvchilarga maktabni tugatgach, ish topa olmaslik xavfi mavjud bo‘lgan bolalarni aniqlash vazifasi yuklatilishi kutilmoqda.
Angliyadagi boshlang‘ich maktablardan maktabni tugatib, ish topa olmay qolish xavfi mavjud bo‘lgan bolalarni aniqlash talab qilinishi mumkin. Bu taklif Buyuk Britaniyada yoshlar o‘rtasidagi bandlik muammosi bo‘yicha tayyorlanayotgan hukumat hisobotida ilgari surilgan.
Yoshlar bandligi bilan bog‘liq inqirozni o‘rganayotgan Alan Milburn muammoni hal qilish uchun ta’lim siyosatida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilishi hamda ijtimoiy nafaqalar tizimi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini aytdi.
Qayd etilishicha, 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan davrda NEET (Not in Education, Employment or Training) — ya’ni ishlamaydigan, ta’lim olmaydigan yoki kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmaydigan yoshlar toifasiga tushib qolish xavfi mavjud bolalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul shaxs yoki tashkilot belgilanishi kerak.
Uning ta’kidlashicha, bunday xavfning dastlabki belgilari juda erta yoshda, hatto maktabgacha bo‘lgan davrdayoq namoyon bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun, albatta, boshlang‘ich maktablar NEET toifasiga tushib qolish xavfi mavjud bolalarni aniqlashi kerak. O‘rta maktablar va boshqa xizmatlar esa bu yoshlarni o‘z vaqtida aniqlashi, ularga yordam berishi, qo‘llab-quvvatlashi va boshqa yo‘lga yo‘naltirishi kerak, — deydi Alan Milburn.
Sobiq Mehnat vaziri bo‘lgan Alan Milburnning aytishicha, bu tavsiya Angliyada yoshlar bandligi muammosiga bag‘ishlangan uning yakuniy hisobotiga kiritiladi. Hisobot 2026-yil kuzida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bu taklif may oyida e’lon qilingan tadqiqotda na ishlayotgan, na ta’lim olayotgan yoshlar soni kelgusi besh yil ichida 1,25 million nafarga yetishi mumkinligi ma’lum qilinganidan keyin ilgari surilmoqda.
Yoshlar orasida o‘z ustida ishlamaydiganlar soni bir milliondan oshdi
Angliya Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–mart oylarida mamlakatda 16–24 yoshdagi 1 012 000 nafar yosh NEET toifasida bo‘lgan.
Sobiq vazir Alan Milburnning fikricha, muammo imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlashning yetishmasligida.
Hozir bu yoshlarning 10 nafardan 6 nafari hech qachon ishlamagan. Rostini aytsam, agar 24 yoshga qadar ishga ega bo‘lmagan bo‘lsangiz, 34 yoshga kelib ish topish ehtimolingiz ancha past bo‘ladi. Biz butun bir avlodni boy berish xavfi ostidamiz. Men buni ‘yo‘qotilgan avlod’ deb atayman, — dedi u.
Uning aytishicha, qashshoqlik, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar va bolalik davrida davlat qaramog‘ida bo‘lish yoshlarning NEET toifasiga tushish xavfini oshiruvchi omillar qatoriga kiradi. Xususan, siyosatchilar mavjud ma’lumotlar asosida yetarlicha chora ko‘rmayotganini ham tanqid qildi.
Yoshlar uchun imkoniyatlarni keskin oshirishimiz, ularning ish topishini osonlashtirishimiz kerak. Albatta, imkoniyatlar bilan bir qatorda muayyan majburiyatlar ham bo‘lishi kerak, — deya qo‘shimcha qildi Milburn.
Joriy yil boshida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ishsizlar toifasidagi har yetti yoshdan biri universitet diplomiga ega. Yoshlar orasidagi bandlik muammosi Buyuk Britaniyaga yiliga qariyb 125 milliard funt sterling (168.78 milliard AQSH dollari) miqdorida iqtisodiy zarar yetkazayotgani baholanmoqda.
Avvalroq, AQShda kompyuter va texnika sohalarida ishsizlik darajasi oshib borayotgani haqida xabar berilgandi.
